Viloyat hokimligida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O’zbekistondagi Doimiy vakilining o’rinbosari Farid Karaxanov bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
Uchrashuvda BMT Taraqqiyot Dasturi doirasida Namangan viloyati hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Mahalliy boshqaruv tizimini qo’llab-quvvatlash: fuqarolik ishtiroki va hamkorlik” hamda “Savdo rivojlanishiga ko’maklashish” loyihalari, uning samaralari bilan yaqindan tanishtirildi.
Uchrashuvda har ikki loyiha doirasida viloyatda mahalliy davlat boshqaruvi tizimini rivojlantirish, elektron hujjat aylanish tizimi mexanizmini joriy etish, davlat boshqaruvi organlari faoliyati to’g’risidagi ma’lumotlarning aholiga yetkazilishini ta’minlash, savdo va xususiy sektorni rivojlanishida muayyan ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.
BMT Taraqqiyot Dasturining “Savdo rivojlanishiga ko’maklashish” loyihasidan ko’zlangan asosiy maqsad savdo va xususiy sektor rivojlanishiga ko’mak berish orqali iqtisodiy o’sish va aholi farovonligini oshirishga yordam berishdan iboratdir. Mazkur loyiha 2011 yildan boshlab ikki bosqichda uchta asosiy yo’nalishda faoliyat olib bordi. Agar natijalarni tahlil etiladigan bo'lsa, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, xizmat ko’rsatish, to’qimachilik yo’nalishlarida tanlab olingan 10 ta kichik namunaviy biznes loyihalarida zamonaviy uskunalar olib kelindi. Natijada 200 dan ortiq yangi ish o’rinlari tashkil etildi.
Uchrashuvda erishilgan yutuqlarni inobatga olgan holda har ikki loyihaning navbatdagi bosqichlari davom etayotgani ta’kidlandi.
Mehmonlar “Savdo rivojlanishiga ko’maklashish” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar, xususan Savdo va sanoat palatasi Namangan viloyat hududiy boshqarmasi huzurida tashkil etilgan “Biznes trening markazi” faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, “Dambog’ poybazal savdo”, ”Izmir sifat tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, To’raqo’rg’on tumanidagi meva-sabzavot masulotlarini saqlashga mo’ljallangan sovutkichli omborxona, Chust tumanidagi “Chust O’ktamjon servis” oilaviy korxonasi faoliyatlari bilan ham yaqindan tanishish rejalashtirilgan.