Chop etish

Davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy ta’minlash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to’g’risida

(O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2007 y., 35-36-son, 355-modda; 2012 y., 37-son, 429-modda; 2013 y., 50-son, 650-modda)

Mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalash sharoitlarida davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari faoliyatida qonuniylikni mustahkamlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash sifatini yaxshilash, yuridik xizmatning roli va javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Quyidagilar:

Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati to’g’risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;

Xo’jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati to’g’risidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilansinki, davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining rahbarlari ushbu qaror talablariga rioya qilinishi hamda yuridik xizmat faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi uchun shaxsan javob beradilar.

[ОКОЗ:

1.02.00.00.00 Давлат бошқаруви асослари / 02.03.00.00 Республика давлат бошқаруви органлари ва хўжалик бошқаруви органлари / 02.03.02.00 Вазирликлар]

3. O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:

davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari, shuningdek ularning yuridik xizmatlari tomonidan ushbu qaror talablariga rioya qilinishi ustidan tegishli nazorat o’rnatsin;

ikki oy muddatda, tanqidiy tahlil qilish asosida davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlarini attestatsiyadan o’tkazish, shuningdek ularning malakasini oshirish tartibini takomillashtirish bo’yicha aniq takliflar kiritsin;

uch oy muddatda yuridik xizmatlar faoliyatida qo’llash uchun shartnomalarni, normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiylashtirish, qonunchilikni tizimlashtirish, talabnoma-da’vo ishlarini yuritish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yuzasidan xulosalar tuzish bo’yicha metodik qo’llanmalarni ishlab chiqsin.

4. Vazirlar Mahkamasining «O’zbekiston Respublikasining davlat boshqaruv organlari va korxonalarida yuridik xizmat to’g’risidagi Nizomni tasdiqlash haqida» 1993 yil 2 martdagi 118-son qarori (O’zbekiston Respublikasi QT, 1993 y., 3-son, 8-modda) o’z kuchini yo’qotgan deb hisoblansin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosarlari va O’zbekiston Respublikasi Adliya vaziri zimmasiga yuklansin.

O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH. MIRZIYoEV

Toshkent sh.,

2007 yil 24 avgust,

182-son

 

 

Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 24 avgustdagi 182-son qaroriga 1-ILOVA

Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati to’g’risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining (keyingi o’rinlarda «davlat organlari» deb ataladi) yuridik xizmati faoliyatiga qo’yiladigan talablarni, ularning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydi.

2. Davlat organining yuridik xizmati — davlat organining faoliyatini huquqiy ta’minlash maqsadida tashkil etiladigan yoki joriy qilinadigan mustaqil tarkibiy bo’linma yoki lavozim.

Yuridik xizmat bevosita davlat organining rahbariga bo’ysunadi.

Yuridik xizmat yuridik departament, yuridik boshqarma, yuridik bo’lim, yuridik byuro shaklida tashkil qilinishi yoxud bitta shtatdan iborat bosh yuriskonsulьt, yetakchi yuriskonsulьt, katta yuriskonsulьt yoki yuriskonsulьt bo’lishi mumkin.

3. Davlat organining yuridik xizmati o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

4. Davlat organining yuridik xizmati xodimi yoxud yuriskonsulьt lavozimida oliy yuridik ma’lumotga ega bo’lgan shaxs ishlashi mumkin.

Davlat organining yuridik xizmati boshlig’i lavozimiga oliy yuridik ma’lumotga va kamida ikki yillik yuridik xizmat xodimi ish stajiga ega bo’lgan shaxs tayinlanadi.

5. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yuridik xizmati xodimlari lavozimga O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda tayinlanadilar hamda tegishli hokimga va O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga hisob beradilar.

Tumanlar va shaharlar hokimliklari yuridik xizmati xodimlari lavozimga Qoraqalpog’iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari bilan kelishilgan holda tayinlanadilar hamda tegishli hokimga va hududiy adliya organiga hisob beradilar.

(5-band O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 13 sentyabrdagi 268-sonli qarori tahririda — O’R QHT, 2012 y., 37-son, 429-modda)

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmat xodimi lavozimiga tavsiya etiladigan nomzodlarni adliya organlari bilan kelishish tartibi, shuningdek adliya organlariga taqdim etiladigan mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmat xodimlari tomonidan bajarilgan ishlar to’g’risidagi hisobot shakli, uni taqdim etish tartibi va muddatlari O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

(5-band O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 7 dekabrdagi 323-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to’ldirilgan — O’R QHT, 2013 y., 50-son, 650-modda)

6. Davlat organida yuriskonsulьt yordamchisi lavozimi joriy etilishi mumkin.

Yuriskonsulьt yordamchisi lavozimida oliy yoki o’rta maxsus yuridik ma’lumotli shaxs, shuningdek «yurisprudentsiya» mutaxassisligi bo’yicha tahsil olayotgan bakalavriat bosqichining bitiruvchi kursi talabasi yoki magistratura tinglovchisi ishlashi mumkin.

7. Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar yuridik xizmat xodimi, yuriskonsulьt yordamchisi lavozimida ishlashi mumkin emas.

8. Yuridik xizmat xodimlari umumiy manfaatlarni ifodalash va himoya qilish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jamoat birlashmalari tuzishlari mumkin.

II. Yuridik xizmatning vazifalari va funktsiyalari

9. Quyidagilar davlat organi yuridik xizmatining asosiy vazifalari hisoblanadi:

1) davlat organining huquq ijodkorligi va huquqni qo’llash faoliyatida bevosita qatnashish;

2) normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini belgilangan talablarga muvofiq yuritish;

3) davlat organi xodimlarining huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirishda, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmuni va mohiyatini ularga yetkazishda qatnashish;

4) davlat organi va uning tizimiga kiradigan bo’linmalar, ularning mansabdor shaxslari faoliyatida qonuniylikni ta’minlashga ko’maklashish;

5) davlat organining shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da’vo ishlarini yuritishda qatnashish;

6) sudlarda va boshqa idoralarda davlat organining mulkiy va boshqa manfaatlarini himoya qilish.

10. Davlat organining yuridik xizmati o’ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:

1) huquq ijodkorligi, huquqni qo’llash amaliyoti va huquqiy madaniyatni oshirish sohasida:

a) davlat organining huquq ijodkorligi faoliyatining joriy va istiqbolli rejalarini ishlab chiqadi yoki ularning ishlab chiqilishida amalga oshirilishi va bajarilishini nazorat qilishda qatnashadi;

b) davlat organi vakolatiga kiradigan masalalar bo’yicha qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi yoxud ishlab chiqishda qatnashadi;

v) davlat organining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ishlab chiqadi yoxud ishlab chiqishda hamda ularni O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan o’tkazish va davlat ro’yxatiga olish uchun yuborishda qatnashadi;

g) mustaqil yoki boshqa bo’linmalar bilan birgalikda ekspertizadan o’tkazish va davlat organi bilan kelishish uchun taqdim qilingan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o’tkazadi, ularning qonunchilikka va qonunchilik texnikasi talablariga muvofiqligi yuzasidan huquqiy xulosalar tayyorlaydi;

d) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo’yicha e’tiroz va takliflar bo’lmasa, ularga viza qo’yadi. Bunda loyihalarga yuridik xizmat tomonidan davlat organining boshqa vakolatli tarkibiy bo’linmalaridan (xodimlaridan) keyin viza qo’yiladi;

e) davlat organi faoliyati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish bo’yicha takliflar ishlab chiqishda qatnashadi;

j) davlat organiga kelib tushgan va davlat organining o’zi tomonidan chiqarilgan normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini belgilangan talablarga muvofiq yuritadi, ularning saqlanishini va nazorat qilinishini ta’minlaydi;

z) davlat organining normativ-huquqiy hujjatlar fondini to’ldirish, shu jumladan fondni kodekslar, qonunlar, sharhlar, axborotnomalar va boshqa huquqiy nashrlar bilan butlash choralarini ko’radi, davlat organi rahbariyatiga huquqiy nashrlarga obuna bo’lish haqida takliflar kiritadi;

i) davlat organi vakolatiga kiradigan masalalar bo’yicha qonun hujjatlari to’plamlarini nashr etishga tayyorlaydi;

k) davlat organi rahbariyati uchun qonunchilik masalalari bo’yicha tahliliy materiallar tayyorlaydi;

l) davlat organi va uning tizimiga kiradigan bo’linmalar xodimlarining huquqiy bilimlarini oshirish tadbirlarini tashkil etish to’g’risida takliflar kiritadi, ushbu tadbirlarni o’tkazishda qatnashadi;

m) davlat organi faoliyatiga tegishli qonunchilikni targ’ib qilish ishlarini amalga oshiradi;

n) davlat organi xodimlarining murojaatlari bo’yicha ularga davlat organi faoliyatiga tegishli huquqiy hujjatlarni topishga ko’maklashadi, zarur hollarda ularning qoidalari bo’yicha tushuntirishlar beradi;

2) davlat organi faoliyatida qonuniylikni ta’minlash sohasida:

a) davlat organida va uning tizimiga kiruvchi bo’linmalarda qonun buzilishlarini, ularning sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish chora-tadbirlari to’g’risida takliflar kiritadi, zarur hollarda ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishda qatnashadi;

b) davlat organi rahbariyatiga taqdim qilinadigan buyruqlar, farmoyishlar va huquqiy tusdagi boshqa hujjatlar loyihalarini ularning qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o’tkazadi hamda ular bo’yicha e’tiroz va takliflar bo’lmasa, viza qo’yadi. Bunda loyihalarga yuridik xizmat tomonidan davlat organining boshqa vakolatli bo’linmalaridan (xodimlaridan) keyin viza qo’yiladi;

v) mustaqil ravishda yoki boshqa bo’linmalar bilan birgalikda davlat organining buyruqlari, farmoyishlari va huquqiy tusdagi boshqa hujjatlariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish, shuningdek ularni o’z kuchini yo’qotgan deb hisoblash to’g’risida takliflar tayyorlaydi;

g) davlat organida va uning tizimiga kiradigan bo’linmalarning huquqni qo’llash amaliyotini o’rganadi, tahlil qiladi va umumlashtiradi, uni takomillashtirish bo’yicha takliflar tayyorlaydi va rahbariyatga kiritadi;

d) davlat organida va uning tizimiga kiradigan bo’linmalarda mulk saqlanishi ta’minlanishining huquqiy mexanizmlarini tashkil qiladi;

e) davlat organining boshqa bo’linmalari bilan birgalikda davlat organi, uning tizimiga kiradigan bo’linmalar va ularning mansabdor shaxslari faoliyatida qonuniylikning buzilishi ko’rsatilgan arizalar, shikoyatlar va boshqa murojaatlarni ko’rib chiqadi;

j) davlat organida boshqaruv tizimini takomillashtirish, davlat organi tizimiga kiradigan bo’linmalar va ularning mansabdor shaxslarining huquq va majburiyatlarini belgilash bo’yicha takliflar ishlab chiqishda qatnashadi;

z) davlat organida mehnat haqidagi qonunga rioya etilishini ta’minlashda, shu jumladan mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi huquqiy hujjatlarni (mehnat shartnomasi, jamoaviy shartnoma, jamoaviy bitim va boshqalarni) ishlab chiqishda qatnashadi, ushbu hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligini tekshiradi va huquqiy xulosa beradi;

3) shartnomaviy-huquqiy, talabnoma-da’vo ishlari va huquqiy himoya qilish sohasida:

a) boshqa bo’linmalar bilan birgalikda davlat organi tomonidan shartnomalar tayyorlanishi va tuzish ishlarida qatnashadi, ularning qonunchilikka muvofiqligini tekshiradi hamda shartnomalar loyihalariga, agar e’tiroz va takliflari bo’lmasa, viza qo’yadi. Bunda loyihalarga yuridik xizmat tomonidan davlat organining boshqa vakolatli tarkibiy bo’linmalaridan (xodimlaridan) keyin viza qo’yiladi;

b) qonunchilikda belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdorining ikki yuz baravaridan ortiq summadagi shartnomalarning qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan yozma xulosalarni tayyorlaydi va imzolaydi;

v) shartnomalarni tuzish, bajarish, o’zgartirish va bekor qilishning belgilangan tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;

g) davlat organi tomonidan tuzilgan shartnomalarni zarur darajada bajarish bo’yicha takliflar kiritadi, shartnomaviy munosabatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishda qatnashadi;

d) davlat organining manfaatlarini himoya qilish bo’yicha talabnomalar tayyorlashda va davlat organiga nisbatan bildirilgan talabnomalarni ko’rib chiqishda qatnashadi, davlat organida talabnomalar bildirish va ularni ko’rib chiqish tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;

e) tegishli bo’linmalar bilan birgalikda davlat organining debitorlik va kreditorlik qarzlari ahvolini o’rganadi, ularning miqdorini kamaytirish choralarini ko’radi;

j) shartnomaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar yuzasidan da’vo ishlarini olib boradi;

z) davlat organining mulkiy va boshqa manfaatlarini huquqiy himoya qilish uchun zarur bo’lgan hujjatlarni tayyorlashda hamda belgilangan tartibda sud majlislarida qatnashadi;

4) boshqa sohalarda:

a) davlat organi tizimiga kiradigan bo’linmalarning huquqiy ishlariga metodik yordam ko’rsatadi, yuridik xizmat faoliyati yo’nalishlari bo’yicha tavsiyanomalar va ko’rsatmalarni ishlab chiqadi;

b) qonunchilikka kiritilgan o’zgartirishlar haqidagi ma’lumotlarni, sud amaliyotini, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining huquqiy ishlarga taalluqli ko’rsatmalarini davlat organi tizimiga kiradigan bo’linmalarga yetkazadi;

v) qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni bajaradi.

11. Mahalliy davlat hokimiyati organining yuridik xizmati mazkur organning normativ tusdagi qarorlari loyihalarining hududiy adliya organlariga kiritilishini ta’minlaydi.

12. Yuridik xizmatga ushbu Nizomda yoki boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan funktsiyalar yuklatilishiga yo’l qo’yilmaydi.

III. Yuridik xizmatning huquq va majburiyatlari

13. Davlat organining yuridik xizmati quyidagi huquqlarga ega:

a) davlat organiga kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlarni tanishish, xizmatda foydalanish va ularning tizimlashtirilgan hisobini yuritish uchun birinchi navbatda olish;

b) davlat organi va uning tizimiga kiradigan bo’linmalarning mansabdor shaxslaridan yuridik xizmatga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish uchun zarur bo’lgan hujjatlar va ma’lumotlarni olish;

v) rahbariyat tomonidan chaqiriladigan huquqiy masalalarga tegishli yig’ilishlar, kengashlar va majlislarda qatnashish;

g) rahbariyat topshirig’iga ko’ra yoki tegishli bo’linma rahbarining roziligi bilan ularning xodimlarini normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun, huquqiy ishlarni amalga oshirish bilan bog’liq boshqa tadbirlarga jalb qilish;

d) qonunchilikka zid bo’lgan, qonunchilik texnikasi talablariga javob bermaydigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini ijrochilariga puxta ishlash uchun qaytarish, o’z e’tirozlarini asoslagan holda, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish to’g’risida huquqiy xulosalar berish, rahbariyat topshirig’iga ko’ra yoki o’z tashabbusi bilan boshqa bo’linmalar bilan birgalikda ushbu loyihalarni puxta ishlashda qatnashish;

e) davlat organi tizimiga kiradigan bo’linmalarda davlat organi vakolatga kiradigan masalalar bo’yicha qonun hujjatlariga rioya qilinishi masalalarini o’rganish;

j) davlat organi va uning tizimiga kiradigan bo’linmalarning qonun hujjatlari bajarilishini ta’minlamayotgan yoxud ularni buzayotgan rahbarlari va xodimlarini javobgarlikka tortish haqida rahbariyatga takliflar kiritish;

z) davlat organida va uning tizimiga kiradigan bo’linmalarda yoki davlat organi tomonidan o’tkaziladigan tekshirishlar, taftishlar va xatlovlarda, shuningdek ularning yakunlari bo’yicha hujjatlarni ko’rib chiqishda qatnashish hamda aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan huquqiy xulosalar berish.

Yuridik xizmat qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.

14. Yuridik xizmat xodimi:

unga ushbu Nizomda va boshqa qonun hujjatlarida yuklangan vazifalarni zarur darajada va samarali bajarishi;

davlat organida va uning tizimiga kiradigan bo’linmalarda qonun buzilishi holatlari aniqlanganligi to’g’risida zudlik bilan rahbariyatga xabar berishi;

belgilangan tartibda va muddatlarda malaka oshirishi va attestatsiyadan o’tishi shart.

Yuridik xizmat xodimi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo’lishi mumkin.

IV. Yuridik xizmat xodimining javobgarligi

15. Yuridik xizmat xodimi o’zi viza qo’ygan hujjatlar loyihalarining va o’zi bergan xulosalarning qonunchilikka muvofiqligi uchun javob beradi.

16. Yuridik xizmat xodimi o’z vazifalari va funktsiyalari bajarilmaganligi yoki zarur darajada bajarilmaganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

V. Ushbu Nizomning bajarilishini nazorat qilish

17. Ushbu Nizomga rioya etilishini nazorat qilish adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Adliya organlari o’z vakolatlari doirasida ushbu Nizom va yuridik xizmatlar faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari talablarining yuridik xizmat xodimlari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan buzilishining aniqlangan holatlarini bartaraf etishga, shuningdek aybdor shaxslarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka tortishga yo’naltirilgan choralarni ko’radi.

Adliya organlari yuridik xizmat faoliyatiga tegishli hujjatlarni va boshqa ma’lumotlarni davlat organlaridan so’rab olish huquqiga ega.

Vazirlar Mahkamasining
2007 yil 24 avgustdagi 182-son qaroriga
2-ILOVA

Xo’jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati to’g’risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladigan xo’jalik boshqaruvi organlari hamda davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari (keyingi o’rinlarda «korxona» deb ataladi) yuridik xizmati faoliyatiga qo’yiladigan talablarni, ularning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydi.

Boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektlar uchun ushbu Nizom tavsiyaviy xususiyatga ega.

2. Korxonaning yuridik xizmati — korxona faoliyatini huquqiy ta’minlash maqsadida tashkil etiladigan yoki joriy qilinadigan mustaqil tarkibiy bo’linma yoxud lavozim. Yuridik xizmat bevosita korxonaning rahbariga bo’ysunadi.

3. Yuridik xizmat yuridik departament, yuridik boshqarma, yuridik bo’lim, yuridik byuro shaklida tashkil qilinishi yoxud bitta shtatdan iborat bosh yuriskonsulьt, yetakchi yuriskonsulьt, katta yuriskonsulьt yoki yuriskonsulьtdan iborat bo’lishi mumkin.

Yuridik xizmat o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

4. Korxonaning yuridik xizmati xodimi lavozimida oliy yuridik ma’lumotga ega bo’lgan shaxs ishlashi mumkin.

Yuridik xizmat boshlig’i lavozimiga oliy yuridik ma’lumotga va yuridik xizmat xodimining kamida ikki yillik mehnat stajiga ega bo’lgan shaxs tayinlanadi.

5. Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar yuridik xizmat xodimi lavozimida ishlashi mumkin emas.

II. Yuridik xizmatning vazifalari va funktsiyalari

6. Quyidagilar korxona yuridik xizmatining asosiy vazifalari hisoblanadi:

a) korxona va uning tarkibiy bo’linmalari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatida qonuniylikni ta’minlashda qatnashish;

b) korxona va uning tarkibiy bo’linmalari xodimlarining huquqiy madaniyatini oshirishda qatnashish;

v) korxona va uning tarkibiy bo’linmalari mulkining saqlanishini huquqiy vositalar orqali ta’minlash ishlarini tashkil qilish;

g) korxonada shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da’vo ishlarini yuritishda qatnashish;

d) sudlarda va boshqa idoralarda korxonaning mulkiy va boshqa manfaatlarini huquqiy himoya qilish.

7. Korxonaning yuridik xizmati o’ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi funktsiyalarni bajaradi:

1) qonuniylikni ta’minlash va huquqiy madaniyatni oshirish sohasida:

a) korxona rahbariyatiga taqdim qilinadigan buyruqlar, farmoyishlar va huquqiy tusdagi boshqa hujjatlar loyihalarini amaldagi qonunchilikka muvofiqlik yuzasidan tekshiradi hamda e’tiroz va takliflari bo’lmasa, ularga viza qo’yadi. Bunda loyihaga yuridik xizmat tomonidan korxonaning boshqa tarkibiy bo’linmalaridan (xodimlaridan) keyin viza qo’yiladi.

b) korxonada va uning tarkibiy bo’linmalarida qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish hamda ularning oldini olish yuzasidan takliflar kiritadi;

v) korxonada mehnat haqidagi qonunlarga rioya etilishini ta’minlashda, shu jumladan mehnatga oid huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy hujjatlarni (mehnat shartnomasi, jamoaviy shartnoma, jamoaviy bitimlar va boshqalarni) ishlab chiqishda qatnashadi, ushbu hujjatlar loyihalarini qonunchilikka muvofiqlik yuzasidan tekshiradi va huquqiy xulosa beradi;

g) korxonaning kasaba uyushmasi va xodimlarning boshqa vakillik organlariga o’z vakolatlarini amalga oshirishda yuridik yordam ko’rsatadi;

d) korxona va uning tarkibiy bo’linmalari xodimlarining huquqiy bilimlarini oshirish tadbirlarini tashkil etish to’g’risida takliflar kiritadi, bunday tadbirlarni o’tkazishda qatnashadi;

e) korxona xodimlarining murojaatlari bo’yicha ularga korxona faoliyatiga tegishli huquqiy hujjatlarni topishda ko’maklashadi, zarur hollarda ushbu hujjatlar bo’yicha tushuntirishlar beradi;

2) mulkning saqlanishini huquqiy vositalar orqali ta’minlash sohasida;

a) mulkni saqlash masalalari bo’yicha huquqiy tusdagi hujjatlar loyihalarining qonun hujjatlariga muvofiqligini tekshiradi va ularni tayyorlashda ishtirok etadi;

b) boshqa tarkibiy bo’linmalar bilan birgalikda korxonada mulkning talon-taroj qilinishi, kamomad va noishlab chiqarish xarajatlarining kelib chiqishi sabablari va sharoitlarini tahlil qiladi hamda ularni bartaraf etish choralarini ko’radi, mulkning talon-taroj qilinishi va kamomad holatlari bo’yicha materiallarni huquqni muhofaza qilish organlariga yuborish uchun rasmiylashtiradi;

v) moddiy boyliklar va pul mablag’larini hisobdan chiqarish to’g’risidagi hujjatlar loyihalari, shuningdek qonun buzilishlari va suiiste’mollar aniqlangan auditorlik tekshiruvlari va xatlovdan o’tkazish dalolatnomalari bo’yicha huquqiy xulosalar beradi;

3) shartnomaviy-huquqiy, talabnoma-da’vo ishlari va huquqiy himoya qilish sohasida:

a) boshqa tarkibiy bo’linmalar bilan birgalikda korxonaning shartnomalarini tayyorlash va tuzish ishlarida qatnashadi, ularning qonunchilikka muvofiqligini tekshiradi, shartnomalar loyihalariga, agar e’tirozlari va takliflar bo’lmasa, viza qo’yadi. Bunda loyihalarga yuridik xizmat tomonidan korxonaning boshqa vakolatli tarkibiy bo’linmalaridan (xodimlaridan) keyin viza qo’yiladi.

b) qonunchilikda belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan ortiq summadagi shartnomalarning qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan yozma xulosalarni tayyorlaydi va imzolaydi;

v) shartnomalarni tuzish, bajarish, o’zgartirish va bekor qilishning belgilangan tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi, korxona tomonidan tuzilgan shartnomalarning zarur darajada bajarilishi bo’yicha takliflar kiritadi;

g) korxonaning manfaatlarini himoya qilish bo’yicha talabnomalar tayyorlashda va korxonaga nisbatan bildirilgan talabnomalarni ko’rib chiqishda qatnashadi, korxonada talabnomalar bildirish va ularni ko’rib chiqish tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;

d) tegishli bo’linmalar bilan birgalikda korxonaning debitorlik va kreditorlik qarzlari ahvolini o’rganadi, ularning miqdorini kamaytirish choralarini ko’radi;

e) shartnomaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo’yicha da’vo ishlarini olib boradi;

j) korxonaning mulkiy va boshqa manfaatlarini huquqiy himoya qilish uchun zarur bo’lgan hujjatlarni tayyorlashda va belgilangan tartibda sud majlislarida qatnashadi;

4) boshqa sohalarda:

a) tarkibiy bo’linmalarning huquqiy ishlariga metodik yordam ko’rsatadi, yuridik xizmat faoliyatining turli yo’nalishlari bo’yicha tavsiyanomalar va ko’rsatmalarni ishlab chiqadi;

b) normativ-huquqiy hujjatlarning saqlanishini va nazorat qilinishini ta’minlaydi, huquqiy nashrlarga obuna bo’lish haqida xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbariyatiga takliflar kiritadi.

v) qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni bajaradi.

III. Yuridik xizmatning huquq va majburiyatlari

8. Korxonaning yuridik xizmati quyidagi huquqlarga ega:

a) korxona va uning tarkibiy bo’linmalari mansabdor shaxslaridan yuridik xizmatga yuklangan funktsiyalarni bajarish uchun zarur bo’lgan hujjatlar va ma’lumotlar olish;

b) rahbariyat topshirig’iga ko’ra yoki tegishli tarkibiy bo’linmalar rahbarlari roziligi bilan ularning xodimlarini normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlashga va huquqiy ishlarni amalga oshirish bilan bog’liq boshqa tadbirlarga jalb qilish;

v) qonunchilikka zid bo’lgan hujjatlar loyihalarini puxta ishlash uchun ijrochilariga qaytarish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish to’g’risida, o’z e’tirozlarini asoslagan holda, xulosalar berish, rahbariyat topshirig’iga ko’ra yoki o’z tashabbusi bilan boshqa bo’linmalar bilan birgalikda loyihalarni puxta ishlashda qatnashish;

g) korxona va uning tarkibiy bo’linmalarining qonun hujjatlari bajarilishini ta’minlamayotgan yoxud qonun buzilishga yo’l qo’yayotgan rahbarlari va xodimlarini javobgarlikka tortish haqida rahbariyatga takliflar kiritish;

d) korxona va uning tarkibiy bo’linmalarida o’tkazilayotgan tekshirishlar, taftishlar va xatlovlarda, shuningdek ularning yakunlari bo’yicha hujjatlarni ko’rib chiqishda qatnashish, aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan huquqiy xulosalar berish.

Yuridik xizmat qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.

9. Yuridik xizmat xodimi:

yuridik xizmatga yuklangan vazifalarni zarur darajada va samarali bajarishi;

korxonada va uning tarkibiy bo’linmalarida aniqlangan qonun buzilishlari to’g’risida zudlik bilan rahbariyatga xabar berishi;

belgilangan tartibda va muddatlarda malaka oshirishi va attestatsiyadan o’tishi shart.

Yuridik xizmat xodimi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo’lishi mumkin.

IV. Yuridik xizmatning javobgarligi

10. Yuridik xizmat xodimi o’zi viza qo’ygan hujjatlar loyihalari va o’zi tomonidan berilgan xulosalarning qonun hujjatlariga muvofiqligi uchun javob beradi.

11. Yuridik xizmat xodimi o’z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

V. Ushbu Nizomning bajarilishini nazorat qilish

12. Ushbu Nizomga rioya etilishini nazorat qilish adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Adliya organlari o’z vakolatlari doirasida ushbu Nizom va yuridik xizmatlar faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari talablarining yuridik xizmatlar xodimlari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan buzilishlarining aniqlangan holatlarini bartaraf etishga, shuningdek aybdor shaxslarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka tortishga yo’naltirilgan choralarni ko’radi.

Adliya organlari yuridik xizmat faoliyatiga tegishli hujjatlarni va boshqa ma’lumotlarni korxonalardan so’rab olish huquqiga ega.

Microsoft Word ko'rinishida ko'chirb olish (115 KB)