Chop etish

Assalomu alaykum aziz do‘stlar, tantanali yig‘ilish qatnashchilari!

Jonajon  Vatanimizda bayramlar juda ko‘p. Ular orasida 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun yurtimiz tarixidagi ulug‘ sanalardan biridir. Xalqimiz hayotida tub burilish yasagan, hayotiy farovonligimiz va erkinligimiz kafolati bo‘lgan Asosiy Qonunimiz qabul qilingan ushbu kunni har gal o‘zgacha shodu xurramlik bilan qarshi oladi, bayram qiladi. Bu safargi ulug‘ bayramimiz o‘zining mazmun-mohiyati va chorak asrlik tarixi bilan qalblarimizda   o‘chmas iz qoldirmoqda.

Barchangizni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni, uning qabul qilinganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan chin dildan samimiy tabriklashga, Sizlarga, sizning timsolingizda butun viloyatimiz ahliga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va samimiy tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysizlar.

Qadrli yurtdoshlar!

Mana 25 yildirki, Bosh Qomusimiz huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qaror toptirish, xalqimizning tinch va farovon hayotini ta’minlash, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish, milliy qonunchilik tizimini shakllantirish hamda mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Darhaqiqat, Konstitutsiyamizning mustaqil Vatanimiz tarixi, bugungi milliy davlatchiligimiz tiklanishi, uning tadrijiy taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini hech qanday narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovning bevosita tashabbusi va rahnamoligida ishlab chiqilib, qabul qilingan Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan tamoyil va qoidalar asosida mamlakatimizda to‘laqonli, samarali amal qiladigan qonunchilik va huquqiy baza yaratildi. Bir so‘z bilan aytganda, Asosiy Qonunimiz huquqiy davlat yaratish yo‘liga o‘tishimizning poydevorini qurib berdi.

Bugungi kunda Konstitutsiyamiz muhrlab qo‘ygan tamoyillarni amalga oshirish yo‘lidan dadil odimlab, davlat qurilishi, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va gumanitar sohalarda biz amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlar va demokratik yangilanishlar, aholi turmush darajasi va sifatining jadal o‘sib, yurtimiz qiyofasi, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi o‘rni butunlay   o‘zgarib borayotgani barchamizga mislsiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Hayotimizdagi ushbu yuksak ahamiyatga molik o‘zgarishlar haqida gapirganda, avvalo odamlarimizning dunyoqarashi va ruhiyati, fikru zikri, ularning hayotga, o‘z mehnati natijasiga munosabati tubdan o‘zgarib, yuksalib borayotganini alohida ta’kidlash joiz.

Bugun hayot o‘zgarmoqda, insonlarning fuqarolik va siyosiy ongi, huquqiy madaniyati o‘smoqda. Mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga ega, hayotga yangicha qaraydigan, o‘z fikri va qarashlariga ega bo‘lgan navqiron yoshlarimiz hayotga ishonch bilan kirib kelmoqda, jamiyatimizda mustahkam o‘rin olmoqda va mamlakatimizning taraqqiyoti yo‘lida hal qiluvchi kuchga aylanmoqda.

Muhtaram yig‘ilish qatnashchilari!

Mana bugun mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tganiga roppa-rosa bir yil to‘ldi. Saylovlarda muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev xalqimizning yuksak ishonchini qozonib, Prezident etib saylandilar.

Agar ta’bir joiz bo‘lsa, shu kundan e’tiboran mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar, jo‘shqin o‘zgarishlar, mislsiz bunyodkorliklar boshlandi. Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" barchamiz uchun ulkan muvaf­fa­­qiyatlar yili, inson va uning dardu muammolariga oshno bo‘lish, xalqimizni har tomonlama rozi-rizo qilish  yo‘lidagi buyuk islohotlar yili  bo‘ldi, desak, aslo mu­bolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbeksiton Respublikasi Prezidentining xalq qabulxonasi, viloyat, shahar va tumanlarda xalq qabulxonalarining tashkil etilishi ijtimoiy hayotimiz mazmun-mohiyatini har tomonlama boyitdi. Fuqarolarimiz jamiyat taraqqiyoti, hududlar ravnaqiga daxldorlik hissi bilan yondoshishga odatlandi.

Xalqni rozi-rizo qilish barcha darajadagi tashkilot va muassasalar rahbarlarining sharafli burchiga aylandi. Buni birgina viloyat xalq qabulxonasiga 14442 ta murojaat kelib tushgani, ularning 8560 tasi ijobiy hal etilgani, qolganlarining ijrosi qat’iy nazoratga olinganida ham ko‘rish mumkin.

Prezidentimizning o‘tgan bir yil davomidagi o‘ziga xos talabchan siyosati natijasida ijtimoiy hayotimizning deyarli barcha jabhalarida yangilanishlar ro‘y berdi. Qonunchilikni takomillashtirish, deyarli barcha sohada ilg‘or tajribalar asnosida faoliyat turlarini mukammallashtirish bo‘yicha 58 ta qonun, qonunosti hujjatlari, Prezidentimizning  tarmoq va sohalarni jadal rivojlantirish uchun 244 ta Farmon,     940 ta qaror va farmoyishlari qabul qilindi. Birgina ta’lim sohasini rivojlantirish uchun 30 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindiki, bugun ularning ijrosi yo‘lida keng ko‘lamli faoliyat olib borilmoqda. 

Viloyatimizda respublika hukumati qabul qilgan hududiy Davlat dasturi doirasida ol­dimizga qo‘yilgan barcha vazifalarni yuqo­ri sur’atlarda bajarishga erishilmoqda.

Biz dastur ijrosi doirasida avvalo ish joylarini ko‘paytirishga ustuvor ahamiyat qaratdik. Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 1029 ta yangi loyihalar ishga tushirildi, 12300 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. 2258 ta yangi korxona va tashkilotlar tashkil etildi. Birgina sanoat tarmog‘idagi yangi korxonalar soni 690 taga ko‘paydi. Viloyatning eksport salohiyati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobarga ortdi.

Tibbiyot sohasida misli ko‘rilmagan islohiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Qishloq vrachlik punktlari negizida 62 ta yangi qishloq oila poliklinikalari tashkil etildi. Ushbu oila poliklinikalari barchasining tarkibida tez tibbiy yordam shaxobchalari ochildi va muassasalar 5 nafardan tor soha mutaxassisilari ish boshladi.

 Shuningdek, 27 ta qishloq vrachlik punkti bazasida tez yordam bo‘limlari ishga tushdi.  Xalqimizga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash yo‘lida viloyat sog‘liqni saqlash sohasiga 90 ta eng zamonaviy tez yordam mashinalari berildi.

Yuqoridagi kabi ulkan yaratuvchilik va bunyodkorliklarda viloyatimiz aholisining hissasi katta, albatta.

Keksayu yosh konstitutsiyaviy huquq va burchlariga tayangan holda, ijtimoiy hayotning turli jabhalarida g‘ayrat-shijoat ko‘rsatib, ona diyorimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda.

Tahsinga loyiq bu kabi  jonbozliklarni har qancha e’tirof etsak shuncha kam.

Shu o‘rinda yil davomida viloyatimiz shon-sharafi, mamlakatimizdagi munosib o‘rni va nufuzi  yo‘lida tashkil etilgan tadbirlarni yuksak  uyushqoqlik va yuqori saviyada o‘tkazilishida sidqidildan xizmat qilgan xalq ta’limi, o‘rta maxsus va sog‘liqni saqlash sohasi rahbarlari va vakillariga, hurmatli oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga, huquqni muxofaza qiluvchi organlar xodimlariga, yo‘l qurilishi, obodonchilik korxonalariga, barcha quruvchilarga, transport, bank, moliya, soliq idoralari vakillariga katta rahmatlar aytamiz.

Aziz do‘stlar!

Keyingi yillarda, aniqroq aytsak o‘tgan bir yil davomida Prezidentimiz rahnamolgida xalqimiz turmush darajasini yanada yuksaltirish, har bir fuqaro uchun munosib yashash sharoitini ta’minlash borasida dunyoning hech bir mintaqasida uchramaydigan ulug‘vor  ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, fuqarolarning dardu muammolarini eshitish, kam ta’minlangan oilalar va nogironlarning og‘irini engil qilish, qishloq aholisi uchun namunaviy uy-joylar qurilishi,  aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga alohida e’tibor berilayotganligidan yaxshi xabardormiz.

Ayniqsa, Prezidentimizning 2016 yil 22 noyabrdagi qarorlari asosida aholi uchun arzon, 15-20 yillik imtiyozli kreditlar asosida uy-joylarning nafaqat qishloqlarda, shaharlarda ham qurila boshlangani xalqimiz uchun katta qulaylik bo‘ldi.

Jumladan, Namangan shahrining 1-tumanida 5 ta hamda 5-A kichik tumanida 3 ta yetti  qavatli, jami 336 xonadonli uy-joy qurib bitkazilib, foydalanishga topshirilishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi bayramiga munosib tuhfa bo‘ldi.

Ayni kunlarda viloyatimizda bunday katta-kichik bayram ob’yektlarining ochilishi davom etmoqda.

Qadrli yig‘ilish qatnashchilari!

Jonajon diyorimizda el-yurt farovonligi, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida qilingan samarali mehnat albatta, rag‘bat topadi. Viloyatimiz faollari, mehnat ilg‘orlaridan 25 nafari davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan, 1942 nafari esa Prezidentimizning joriy yil 10 oktyabrdagi Farmonlariga asosan ta’sis etilgan “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlandilar. Bu fidoyi insonlarga ushbu mukofotlar muborak bo‘lsin, deymiz.

So‘zim yakunida barchangizni yana bir bor O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi bilan tabriklayman, jonajon O‘zbekistonimiz qudrati va xalqimiz farovonligini oshirish yo‘lidagi mehnatlaringizga kattadan katta muvaffaqiyatlar tilayman. 

Tinch va osoyishta kunlarimiz abadiy bo‘lsin, mustaqilligimizga ko‘z tegmasin!

Dasturxonlarimizdan qut-baraka arimasin.

Barchamizga bayram muborak bo‘lsin!

E’tiboringiz uchun rahmat!

Microsoft Word ko'rinishida ko'chirib olish (49 KB)