Namangan shahar hokimligining Reglamenti

 I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Reglament O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hamda «Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, Shahar hokimligi – Mahalliy davlat hokimiyati vakolatlarini amalga oshirish yuzasidan uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Shahar hokimligi xududda:

qonuniylikni, xuquqiy tartibotni va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash;

xududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish;

mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig’imlarni belgilash, byudjetdan tashqarii jamg’armalarni hosil qilish;

mahalliy kommunal xo’jalikka rahbarlik qilish;

atrof muhitni muhofaza qilish;

fuqarolik holati aktlarini qayt etishni ta’minlash;

normativ xujjatlarni qabul qilish hamda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va O’zbekiston Respublikasi qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Shaharda O’zbekiston Respublikasi qonunlar, Oliy Majlis qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining, Xalq deputatlari Shahar Kengashining va   Shahar hokimining qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi.

3. Shahar hokimligi o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi va Xalq deputatlari Shahar Kengashi oldida javobgardir.

Shahar hokimi Xalq deputatlari Shahar Kengashi sessiyalarida raislik qilishga, o’z vakolatlari doirasida qaror va farmoyishlar qabul qilishga, hokim qarorlarini bekor qilishga xaqli.

4. Shahar hokimligi – mahalliy davlat hokimiyatining vakolatlarining amalga oshirilishi Xalq deputatlari Shahar Kengashi, Shahar hokimi, Shahar hokimining o’rinbosarlari, hokimlikning guruh, bo’lim va boshqarmalari rahbarlari, Shahar hokimligi xuzuridagi doimiy, muvaqqat komissiyalar va boshqa ishchi organlari faoliyati, shuningdek, Shahar hokimligi apparati ishi bilan ta’minlanadi.

5. Shahar hokimligida uning vakolatlariga tegishli masalalar Xalq deputatlari Shahar Kengashi sessiyalarida, Kengashning doimiy komissiyalarida, Shahar hokimi va hokimning birinchi va soha bo’yicha o’rinbosarlari (vazifalar taqsimotiga muvofiq) tomonidan, hokim xuzuridagi majlislarda, hokimlik tomonidan tashkil etiladigan doimiy, muvaqqat komissiyalar va boshqa ishchi organlar majlislarida manfaaatdor davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, boshqa organlar va tashkilotlar vakillari ishtirokida ko’rib chiqiladi.

6. Shahar hokimi qonun xujjatlariga muvofiq Shahar xududidagi barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar, shuningdek, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo’lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.

Shahar hokimligining normativ xarakterdagi muhim ahamiyatga ega bo’lgan xujjatlari Shahar hokimining qarori shaklida qabul qilinadi.

Shahar hokimligining tezkor va boshqa joriy masalalar bo’yicha xujjatlari Shahar hokimining farmoyishi shaklida qabul qilinadi.

7. Shahar hokimi Shahar hokimligi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo’ladi.

8. Shahar hokimligi apparati xalq deputatlari Kengashi sessiyalari, majlislar, Shahar hokimining qaror va farmoyishlari loyihalari, taxliliy, axborot va boshqa materiallar tayyorlanishini va tashkil etilishini ta’minlaydi, qaror va farmoyishlarning bajarilishini muntazam ravishda nazorat qilib, tekshirib boradi.

Shahar hokimligi apparati va uning tarkibiy bo’linmalari ish tartibi Shahar hokimi tomonidan tasdiqlanadigan tegishli Nizomlar bilan belgilanadi va ish taqsimotlari asosida tashkil etiladi.   

Shahar hokimligi apparatining guruh va bo’limlari faoliyatini muvofiqlashtirib borish (Xalq deputatlari Shahar Kengashi sessiyalari, faollar yig’ilishi, Shahar hokimi xuzurida o’tkaziladigan kengaytirilgan majlislar Shahar miqyosida o’tkaziladigan ommaviy-tashkiliy siyosiy tadbirlar hamda saylov va referendumlar o’tkazish kabi masalalar) tashkiliy-nazorat guruhi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

9. Shahar hokimligida ish yuritish Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Yo’riqnomaga muvofiq amalga oshiriladi.

II. Shahar hokimligi ishini tashkil etish

10. Shahar hokimligi o’z ishini O’zbekiston Respublikasi Qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlarida, Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasi majlislaridagi, boshqa muhim tadbirlardagi nutqlarida belgilangan, shuningdek, ko’rsatmalar va topshiriqlar sifatida ifodalangan siyosati Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga yo’naltiradi.

Shahar hokimligining ishi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyishlaridan, shuningdek Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan kelib chiquvchi vazifalar asosida shakllantirilgan yarim yillik va oylik ish rejalariga muvofiq olib boriladi.

11. Shahar hokimligining navbatdagi yarim yillik va oylik ish rejalari:

Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi majlislarini o’tkazish rejasi va ularda ko’riladigan masalalarni;

Shahar hokimi huzurida ko’riladigan masalalar bo’yicha o’tkaziladigan majlislar rejasini;

Shahar Kengashining navbatdagi sessisi majlislarini o’tkazish rejasi va ularda ko’riladigan masalalarni;

Shahar hokimi xuzurida ko’riladigan masalalar bo’yicha o’tkaziladigan majlislar rejasini;

Tashkiliy-ommaviy tadbirlar va o’quv seminarlar o’tkazish rejasini;

Shahar hokimligining doimiy, muvaqqat komissiyalari va boshqa ishchi organlari majlislarining kalendar rejasi va ularda ko’riladigan masalalarni o’z ichiga oladi.

12. Shahar hokimligining ish rejalari quyidagi talablardan kelib chiqqan holda shakllantiriladi:

tarmoqlarda, iqtisodiyot sohalarida va ijtimoiy soxada, shuningdek Shahar xududida iqtisodiy islohatlarning amalga oshirilishi ahvolini tanqidiy va tizimli tahlil qilish;

islohatlar jarayonlariga to’sqinlik qilayotgan kamchiliklar va muammolar sabablarini tizimli tahlil qilish:

O’zbekiston Respublikasi qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari, qarorlari va Farmoyishlar, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Xalq deputatlari Shahar Kengashi va Shahar hokimining qarorlari va farmoyishlari bajarilishi yuzasidan manitoring olib borish.

13. Shahar hokimligining ish rejalari  Shahar hokimi tomonidan tasdiqlanadi.

14. Shahar hokimligining ish rejalarini tayyorlash, shuningdek ularning bajarilishini nazorat qilish Shahar hokimi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

15. Shahar hokimligining guruh va kotibiyatlari, bo’lim boshqarmalarining, shuningdek ular rahbarlari va mutahassislarining har chorak ish rejalari belgilangan tartibda tasdiqlanadi.

III. Shahar hokimiga masalalarni kiritish, shuningdek ularni Shahar hokimligida tayyorlash va ko’rib chiqish tartibi

16. Xalq deputatlari Shahar Kengashi sessiyasida hamda Shahar hokimligi huzurida ko’rib chiqish uchun O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida» gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni bilan uning vakolatiga kiritilgan, shuningdek O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va Oliy Majlis tomonidan belgilangan masalalar kiritiladi.

Muhim davlat, iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy masalalarni hal etish uchun Shaharning kompleks yoki maqsadli dasturlari va tadbirlari ishlab chiqiladi, ular ko’rib chiqish uchun Shahar hokimining o’rinbosarlari tomonidan Shahar hokimiga kiritiladi.

17. Shahar hokimligida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis, Vazirliklar va boshqa vakolatli tashkilotlardan kelgan xujjatlar ko’rib chiqiladi va bajariladi.

18. Shahar hokimligida ko’rib chiqish uchun masalalar Shahar hokimning o’rinbosarlari, davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, guruh, bo’lim va boshqarmalar rahbarlari tomonidan kiritilishi mumkin.

19. Ushbu Reglamentning 16-bandida nazarda tutilmagan masalalar bo’yicha yoki ushbu Reglamentning 18-bandida ko’rsatilmagan organlar va tashkilotlar rahbarlari tomonidan kiritilgan murojaatnomalar tegishli guruh tomonidan davlat va xo’jalik boshqaruvi organlariga ko’rib chiqish va ularning vakolatlariga muvofiq qarorlar qabul qilish uchun yuboriladi.

20. Shahar hokimi ko’rib chiqishi uchun masalalar belgilangan tartibda, qoida tariqasida, Shahar hokimning qarorlari va farmoyishlari loyihalari (keyingi o’rinlarda xujjatlar loyihalari deb yuritiladi) shaklida kiritiladi.

21. Shahar hokimining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek, boshqa xujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kiritish, kelishish va ko’rib chiqishga tayyorlash ushbu bob hamda mazkur Reglamentning IV bobi talablariga, Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 yanvardagi 12-son qaroriga hamda Shahar hokimligi apparatida ish yuritish bo’yicha yo’riqnomaga muvofiq amalga oshiriladi.

22. Loyiha aniq ifodalanishi, qonun xujjatlariga muvofiq kelishi, ko’rib chiqilayotgan masalalarning puxta taxlilini va xolis bahosini o’ziga olgan bo’lishi, ijrochilar oldiga aniq maqsad va vazifalar qo’yishi, ularni bajarilishining aniq muddatlarini belgilashi kerak.

Tayyorlanayotgan loyiha boshqa xujjatlarga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish yoxud ularni o’z kuchini yo’qotgan deb hisoblanishni talab etsa, ushbu o’zgartirish va qo’shimchalar, shuningdek, ularni o’z kuchini yo’qotgan deb hisoblash to’g’risidagi takliflar tayyorlanayotgan xujjat loyihasiga kiritiladi yoki u bilan ayni bir vaqtda alohida xujjat loyihasi ko’rinishida kiritiladi. Bu xolda unga xujjat matnining amaldagi va taklif etilayotgan taxririning tegishli qiyosiy jadvallari tushuntirishlar bilan ilova qilinadi.

23. Aynan shu masalalar bo’yicha ilgari qabul qilingan qarorlar bajarilmagan xollarda Shahar hokimga aynan shu masalalar bo’yicha qarorlar va farmoyishlar loyihalari kiritilishiga yo’l qo’yilmaydi, yangi vaziyatlar paydo bo’lgan xollar bundan mustasno.

24. Shahar hokimligida tayyorlanadigan normativ-xuquqiy xujjat loyihasi «Normativ-xuquqiy xujjatlar to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonuni talablariga javob berishi kerak.

IV. Xalq deputatlari Shahar Kengashi va Shahar hokimining qarorlari va farmoyishlari loyihalarini ishlab chiqish, kelishish va imzolash tartibi.

25. Xalq deputatlari Shahar Kengashi hamda Shahar hokimining qarorlari va farmoyishlarini «Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida» gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni Bilan vakolatiga kiritilgan masalalar bo’yicha qabul qilinadi.

26. Xalq deputatlari Shahar Kengashi hamda Shahar hokimining qarorlari va farmoyishlari loyihalari Shahar hokimligining guruh, bo’lim, boshqarmalari tomonidan Shahar hokimi va uning o’rinbosarlari topshiriqlariga muvofiq yoxud tashabbus ko’rsatish tartibida ishlab chiqiladi.

27. Xujjatlar loyihalarini tayyorlash manfaatdor idoralar va tuzilmalar bilan birgalikda amalga oshiriladi. Ishlab chiqilgan loyihalar belgilangan tartibda manfaatdor tashkilotlar Bilan kelishiladi.

Shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivolantirish, iqtisodiyotning alohida sohalarini va tarmoqlarini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, mahalliy byudjetdan mablag’lar ajratish bilan bog’liq qarorlar va farmoyishlar loyihalari majburiy tartibda tegishli ravishda - Shahar hokimligining iqtisodiyot bo’limi va moliya bo’limlari bilan kelishiladi.

28. Qaror va farmoyishlar loyihasiga majburiy tartibda mazkur loyihaning maqsadga muvofiqligini asoslashdan iborat bo’lgan tushintirish xati, shuningdek, zarur hisob-kitoblar va ko’rib chiqish materiallari, taqdim etilayotgan loyihalarni amalga oshirish oqibatlari bahosi ilova qilinadi.

29. Shahar hokimligining yuristi loyihani ekspertizadan o’tkaziladi. Zaruriyat bo’lganda, xujjatni kiritgan idora yoki tashkilotlar bilan birgalikda loyiha ustida qo’shimcha ishlaydi hamda bildirilgan mulohazalarni bartaraf etadi.

Yurist tayyorlangan qaror yoki farmoyish loyihasi bo’yicha salbiy fikr bildirsa, uni qabul qilishning maqsadga muvofiq emasligini asoslovchi hulosani tayyorlaydi va Shahar hokimining tegishli o’rinbosarlariga axborot beradi.

30. Yuristning ijobiy xulosasi olingan barcha qaror yoki farmoyishlar loyihalarini O’zbekiston Respublikasi qonunlariga mosligini tekshiriladi.

31. Tayyorlangan qaror va farmoyishlarning loyihalariga Shahar hokimining tegishli o’rinbosarlari, manfaatdor guruh rahbarlari va bo’lim mudirlari, yurist va umumiy bo’lim mudirining vazifalari olinadi.

Har qanday qaror yoki farmoyish loyihasida yuristning vizasi bo’lishi shart.

Qaror va farmoyishlarning imzolangan loyihalari Shahar hokimiga ko’rib chiqish va imzolash uchun taqdim etiladi.

V. Shahar hokimi huzurida o’tkaziladigan majlislarni tayyorlash va o’tkazish.

32. Shahar hokimi huzurida o’tkaziladigan majlislar har oyda kamida bir marta o’tkaziladi.

33. Shahar hokimi huzurida o’tkaziladigan majlisda ko’riladigan masalalar ko’rib chiqish «Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida» gi O’zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan vakolatlar doirasida amalga oshiriladi.

34. Shahar hokimi huzurida o’tkaziladigan majlisda ko’rib chiqish uchun kiritiladigan xujjatlar loyihalari ushbu Reglamentning III bobbi talablariga muvofiq tayyorlangan bo’lishi kerak.

35. Shahar hokimi huzurida o’tkaziladigan majlisga taklif etilgan mansabdor shaxslar ro’yhatlari Shahar hokimi bilan kelishilgan holda, tashkiliy-nazorat guruhi rahbari tomonidan belgilanadi.

36. Shahar hokimi huzurida o’tkaziladigan majlisga Shahar hokimining o’rinbosarlari, guruh, bo’lim va boshqarmalar rahbarlari doimiy ravishda taklif etiladilar. Boshqa mansabdor shaxslar majlisga faqat ular daxldor masalalar bo’yicha taklif etiladilar.

37. Shahar hokimi huzurida o’tkaziladigan majlislarda qabul qilingan qarorlar bayon bilan rasmiylashtiriladi.

Majlis bayoni masalani tayyorlangan tegishli guruh, boshqarma va umumiy bo’lim tomonidan majlis tugagandan keyin bir sutka muddatda rasmiylashtiriladi hamda majlisda raislik etgan tomonidan imzolanadi.

Majlis bayonida belgilan vazifalarning bajarilishini nazorat qilish Shahar hokimining tegishli o’rinbosari tomonidan olib boriladi.

VI. Shahar hokimining qaror va farmoyishlarini rasmiylashtirish, jo’natish, e’lon qilish va ularning kuchga kirishi.

38. Shahar hokimining qaror va farmoyishlari imzolangan sana bo’yicha rasmiylashtiriladi va tegishli guruh, kotibiyat tomonidan tuziladigan jo’natish ro’yxati bo’yicha darxol ijrochilarga yuboriladi.

39. Shahar hokimining qaror va farmoyishlari agar ularda boshqa muddatlar belgilanmagan bo’lsa, imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi.

40. Qabul qilingan qaror va farmoyishlar Shahar miqiyosida keng va tezkorlik bilan tanishtirilishi zarur bo’lganda Shahar hokimining yoki uning birinchi o’rinbosari topshirig’iga binoan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

VII qabul qilingan qarorlarning bajarilishini tashkil etish tartibi hamda Shahar hokimligi tomonidan nazorat etish vakolatlarining amalga oshirilishi.

41. Shahar hokimining qarorlari va farmoyishlari topshiriqlarining bajarilishini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 yanvardagi 12-sonli qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

42. Shahar hokimligi tomonidan berilgan topshiriqlar davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari va boshqa organlar, tashkilotlar tomonidan agar ularda boshqa muddat belgilanmagan bo’lsa, xujjat yuborilgan kundan boshlab 10 kalendar kun mobaynida bajarilishi kerak.

43. Topshiriqni bajarilish muddatlari faqat uni imzolagan rahbar tomonidan o’zgartirilishi mumkin.

44. Shahar hokimining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining bajarilishini va nazorat qilishni tashkil etish:

Shahar hokimining tegishli o’rinbosarlari tomonidan;

Shahar, tarmoq va xududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim va ustivor masalalari, shuningdek uzoq davrga mo’njallangan xujjatlar bo’yicha nazorat rejasini ishlab chiqi shva amalga oshirish;

tegishli tarkibiy bo’linmalar, mansabdor shaxslar va hodimlar tomonidan Amaliy chora-tadbirlarni tasdiqlangan muddatlarda amalga oshirish;

ularning bajarilishini boshqarmalar, idoralar, boshqaruvining hududiy tarmoq organlari va mahalliy hokimiyat organlarida, bevosita korhonalar, muassasalar va tashkilotlarda maqsadli o’rganish;

boshqarmalar, idoralar Shahar hokimining yuqorida ko’satib o’tilgan xujjatlarni ijrosi yuzasidan qabul qilingan o’z qarorlarining bajarilishini ko’rib chiqish;

tarmoq va hududlardagi ishlarning ahvolini kompleks o’rganish, ularning yakunlarini Shahar hokimligining komplekslari majlislarida ko’rib chiqish;

Shahar hokimining qaorlari, farmoyishlari, majlis bayonida belgilangan va topshiriqlarda qo’yilgan vazifalarning o’z vaqtida va to’liq bajarilishini ta’minlamagan rahbarlar, mansabdor shaxslar va xodimlarga nisbatan javobgarlik choralarini ko’rish bilan ta’minlanadi.

Respublika rahbariyati topshiriqlarining va Xukumat qarorlarining o’z vaqtida va sifatli bajarilishining tashkil etish Shahar hokimining tegishli o’rinbosarlari – komplekslar rahbarlari tomonidan ta’minlanadi.

Shahar hokimligi apparatida nazorat faoliyatini muvofiqlashtirib borish ushbu Reglament hamda Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 yanvardagi 12-sonli qarori talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

VIII. Shahar hokimligining doimiy, vaqtinchalik komissiyalari va boshqa ishchi organlari.

45. Davlat hokimiyati va boshqaruvi yuqori organlarining qarorlarini xayotga tatbiq etishga ko’maklashish, Shahar hokimi qabul qilgan xujjatlarni bajarilishini nazorat qilish hamda boshqarmalar, idoralar, davlat va xo’jalik boshqaruvining boshqa organlari faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida Shahar hokimligi tomonidan uning doimiy va muvaqqat komissiyalari, shuningdek boshqa ishchi organlari tuzilishi mumkin. Shahar hokimligi ularning vazifalari, funktsiyalari hamda faoliyat tartibini belgilaydi.

46. Doimiy va muvaqqat komissiyalar majlislari Shahar hokimi tomonidan tasdiqlangan ish rejalari asosida yoki zaruriyatga ko’ra Shahar hokimi va uning o’rinbosarlari topshirig’iga muvofiq o’tkaziladi.

IX.Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash.

47. Shahar hokimligi o’z vakolatlari doirasida «Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq fuqarolarning murojaatlari ko’rib chiqilishini ta’minlaydi.

48. Shahar hokimligi apparatida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tartibi Shahar hokimi tomonidan tasdiqlangan tegishli Nizom bilan belgilanadi.

Microsoft Word ko'rinishida ko'chirib olish (95 KB)