Baxtiyor insonlar adolatli boshqaruv qaror topgan mamlakatda ko’p bo’lishi tabiiy. Albatta, bunday mezonlar  davlat tomonidan joriy etilayotgan qonun hujjatlarining inson manfaatlariga qaratilganligi bilan o’lchanadi.

Muhtaram yurtboshimiz rahnamoliklarida olib borilayotgan oqilona siyosat bugun hamyurtlarimizning baxtliman deya olishlariga to’la asos bo’lmoqda.

Bu borada davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining ochiq faoliyat olib borishi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Namangan viloyat Adliya boshqarmasida tashkil etilgan davra suhbati ham aynan shu masalalarga bag’ishlandi. “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining  ochiqligini ta’minlash  hamda qabul qilinayotgan qarorlar uchun masuliyatni oshirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi ilmiy-amaliy davra suhbati Namangan viloyat hokimligi hamda  O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimini qonunchilik asoslarini isloh qilish bo’yicha Kengashi, “Fuqarolik jamiyati – Гражданское общество – Civil society”  jurnali tahririyati hamkorligida tashkil etildi. Davra suhbatini viloyat hokimining birinchi o’rinbosari O’ktamjon Ergashev kirish so’zi bilan ochdi.

Shundan so’ng, “Joylarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini ta'minlashning dolzarb masalalari” nomli hujjatli film namoyish etildi.

O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining Namangan viloyat bo’limi rahbari Yu.Ishanov,  Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Namangan hududiy bo’linmasi rahbari Z.Hudoyberdiev, viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshlig’i Z.Mansurov, BMTTDning “Mahalliy boshqaruv tizimini qo’llab-quvvatlash: 2-bosqich” loyihasi mutaxassisi Sardor Karimov va boshqalarning maruzalari tinglandi.

So’zga chiqqanlar tomonidan, mustaqillik yillarida mamlakatimizda  davlat boshqaruvi yaxlit tizimi barpo etilgani, ushbu tizim eng avvalo oshkoralik, qabul qilinayotgan qarorlarni ochiq va keng ko’lamda muhokama qilish qoidalariga asoslangani, shu bilan birga, mahmuriy islohotlar davomida boshqaruv xodimlari sonini maqbullashtirish, uni bozor iqtisodiyoti tamoyillari va talablariga muvofiqlashtirish, davlat boshqaruvi organlari hamda xo’jalik yurituvchi subyektlar hamkorligi samaradorligiga erishilayotgani xususida gapirdilar. – “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to’g’risida”gi Qonunning qabul qilinishi davlat boshqaruvi organlari yaxlit tizimining rivojlanishida muhim qadam bo’ldi. Qonunning amalga oshirilishi fuqarolarimizning axborot sohasidagi huquq va manfaatlarini ta’minlash, davlat va jamoatchilik o’rtasida ochiq va samarali muloqot olib borish bo’yicha ommaviy axborot vositalarining roli va ta’sirini oshirishda yangi yuksak bosqichga ko’tardi, – deydi Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti  Namangan hududiy bo’linmasi rahbari Z. Hudoyberdiev. Mazkur hujjatning asosiy vazifalari jismoniy va yuridik shaxslarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to’g’risidagi axborotdan foydalanishini ta’minlash; davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to’g’risida axborot olish huquqining kafolatlarini ta’minlash; davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining qabul qilinayotgan qarorlar uchun mas’uliyatini oshirishdan iborat. Qonun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to’g’risidagi axborotni tarqatishda muhim rol o’ynamoqda.

Tadbir davomida, “Fuqarolik jamiyati”, “Huquq va burch”, “Advokat”, “Qalqon” jurnallari hamda “Adolat” nashriyoti vakillarining  qisqa taqdimotlari bo’lib o’tdi.

Ishtirokchilar sohada yuzaga kelayotgan ayrim muammolar xususida o’zlarining fikr-mulohazalari bilan o’rtoqlashdilar.

Axborot xizmati

 

 

Arxiv