Namangan viloyati hokimligi tomonidan 2021-yilning
12 oyi mobaynida jismoniy va yuridik shaxslarning
murojaatlari bilan ishlash va yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar toʻgʻrisida tahliliy
AXBOROT
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2021-yilni “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan, xalq bilan muloqot va aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etish bilan bogʻliq amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Joylarda aholi bilan yuzma-yuz va ochiq muloqot oʻtkazish, ular tomonidan qoʻtarilayotgan muammolarni hal etish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har haftada viloyat hokimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasida, shahar va tumanlar hududida hamda viloyat hokimligida muntazam shaxsiy qabullar, shuningdek tadbirkorlar uchun alohida qabullar oʻtkazilib kelinmoqda.
Shuningdek, viloyat hokimining “Telegramm” va “Facebook”dagi rasmiy sahifalari orqali tunu-kun murojaatlar qabul qilinib, ijroga qaratilib, nazoratga olinmoqda. Yoshlarni qiynab kelayotgan muammoli masalalar va takliflarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish samaradorligini oshirish maqsadida, viloyat hokimining tashabbusi bilan viloyat hokimligining “Yoshlar murojaati” veb-sayti va call-center orqali murojaatlarni qabul qilish va koʻrib chiqish tizimi joriy etildi.
Muntazam ravishda 4 ta sektor rahbarlari ishtirokida joylarda aholi va tadbirkorlar uchun sayyor qabullar oʻtkazilmoqda.
Viloyat hokimligiga 2021-yil 12 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 8529 ta yozma va ogʻzaki murojaatlar kelib tushgan boʻlib, 2020-yilning oʻtgan davrida bu koʻrsatkich 4337 tani tashkil etgani holda 4192 taga koʻpaygan. Eng koʻp murojaatlar Namangan shahri 5591 ta (65.6 %), Uychi tumani 4155 ta (48.%) va Chust tumani 4020 ta (47.1 %) hissasiga toʻgʻri keladi.
2021-yil 12 oyi davomida viloyat hokimligida rahbarlar tomonidan 4759 nafar jismoniy va yuridik shaxslar qabul qilingan.
2020-yilning huddi shu davrida bu koʻrsatkich 1316 nafarni tashkil etgan boʻlib, qabulga keluvchilar oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 3443 taga yoki 72,3 % ga koʻpaygan.
Har bir murojaat ortida inson taqdiri turishini inobatga olgan holda murojaatlarni bevosita muallif ishtirokida oʻrganish, koʻtarilgan masalani hal etish yoki qonunchilikda belgilangan normalar boʻyicha tushuntirish berish amaliyotiga alohida eʼtibor berib kelinmoqda.
Viloyat hokimligiga kelib tushayotgan murojaatlarni masalalar kesimida tahlil etilganda, asosiy mavzular uy-joy 2376 ta (27.4 %), moddiy yordam 1196 (13.7 %) ish, ish haqi va imtiyoz masalalarida 677 ta
(7.8 %), sogʻliqni saqlash masalalarida 432 ta (4.9 %) ta va din masalalari 351 ta (4.1 %) masalalarni tashkil etadi.
Shahar va tumanlar hokimliklariga kelib tushayotgan
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari boʻyicha
2021-yilning 12 oyi davomida shahar va tumanlar hokimliklariga kelib tushgan murojaatlarning jamlanmasi tahlil qilinganda, jismoniy va yuridik shaxslardan jami 45164 ta yozma va ogʻzaki murojaatlar kelib tushgan boʻlib, 2020-yilning xuddi shu davrida bu koʻrsatkich 35523 tani tashkil etgan holda 9641 taga yohud 21.4 foizga koʻpaygan. Eng koʻp murojaatlar Namangan shahri 5591 ta (12.3 %), Chust tumani 4020 ta
(8.9 %) va Uychi tumani 4155 ta (9.1%) hissasiga toʻgʻri keladi.
2021-yilning 12 oyi davomida shahar va tumanlar hokimliklarida rahbarlar tomonidan 24751 nafar jismoniy va yuridik shaxslar qabul qilingan. Oʻtgan 2020-yil 12 oyida bu koʻrsatkich 6239 nafarni tashkil etgan boʻlib, qabulga keluvchilar oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 13154 taga yoki 52.6 % ga koʻpaygan. Mamlakatimizda karantin choralari bosqichma-bosqich yumshatilib, karantin qoidalariga rioya etgan holda qabullarni oʻtkazishga keng sharoitlar yaratilgani munosabati bilan shaxsiy va sayyor qabulllarning sonini keskin ortgan.
Shahar va tumanlar hokimliklariga kelib tushayotgan murojaatlarni masalalar kesimida tahlil etilganda, asosiy mavzular uy-joy va yer maydonlari olish masalalarida 6801 ta (18.3%), moddiy yordam olish masalalarida 4699 ta (12.6%), ish va ish xaqqi masalalarida 2505 (6.8 %) ta va fermer xoʻjaliklari masalalarida 1962 ta (5.3 %) tani tashkil etadi.
Prezident virtual qabulxonasi boʻyicha:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasidan 2021-yil 12 oyi davomida viloyat hokimligiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 24409 ta murojaatlar kelib tushib, murojaatlar soni 2020-yil 12 oyi (13362 ta)ga nisbatan 11047 taga yoki 45,3 % ga oshgan.
Murojaatlarni qanoatlantirish darajasi koʻrsatkichlari past boʻlgan hokimlik - Mingbuloq 83,4 % tumanida qayd etildi.
Murojaatlarning hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng koʻp murojaat yoʻllanayotgan hokimliklar - Namangan shahar (6087 ta), Chust
(2631 ta), Pop (2472 ta) va Uychi (1759 ta) tumanlari hissasiga toʻgʻri keladi.
TAKLIFLAR:
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasida mazkur Qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq boʻlmagan murojaatlar koʻrib chiqilmasligi belgilangan. Biroq, Prezident virtual qabulxonasidan kelayotgan ayrim murojaatlarda murojaat etuvchilar tomonidan qonunsiz talablar qoʻyish (“Uy-joyini taʼmirlab berish”, “chet elda tahsil olayotgan farzandi uchun yirik miqdordagi kontrakt pulini toʻlab berish yoki homiy tashkilot biriktirib berish”, “boshlangʻich toʻlovsiz namunali
uy-joy olib berish” va h.k) yuqoridagi qonun talablariga muvofiq boʻlmaganligi sababli, yangi tashkil etilayotgan yagona platforma tizimida Prezident virtual qabulxonasi ishchi guruhi tomonidan ushbu turdagi murojaatlar kelib tushgan vaqtda qabul qilinmasligi, shu jarayonning oʻzidayoq yuqoridagi qonun talabi koʻrsatilib, qabul qilmaslik va ijroga yoʻnaltirmaslik taklifi bildiriladi.
Namangan viloyati hokimligi tomonidan topshiriqda koʻrsatilgan vazifalar ijrosini oʻz vaqtida va samarali tashkil qilish tadbirlari amalga oshirib borilishi taʼminlanadi.
Namangan viloyati hokimligi