Prezident Shavkat Mirziyoyev To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Axsikent arxeologik yodgorlik majmuasini borib ko‘rdi. Bu haqida Prezident Matbuot xizmati ma’lum qildi.

 

Axsikent eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan bo‘lib, qadimgi Farg‘ona davlatining poytaxti, Buyuk ipak yo‘lining asosiy shaharlaridan biri bo‘lgan. Tarixiy manbalarda, xususan, “Boburnoma”da bu kentning alohida ahamiyati haqida ko‘p yozilgan. Qadimdan bu yerda yer osti suv inshooti bo‘lgani bois mudofaa uchun qulay sanalgan.

SHahar Ark, ichki va tashqi shahardan iborat bo‘lgan. Bu erda o‘z davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari rivojlangan. 1620 yillarga kelib zilzila oqibatida ulkan shahar vayron bo‘lgan.

Bugungi kunda xarobalarning 60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan bo‘lib, Farg‘ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir. Arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X-XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jome’ masjidi, mudofaa devorlari, yer osti irrigatsiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi – Ark qazib o‘rganilgan.

Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq 2017 yilda Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uning haqqoniy tarixini yaratish bo‘yicha ulkan ishlar boshlandi. «Axsikent» arxeologiya merosi ob’ektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi» davlat unitar korxonasi tashkil etildi. 

Mazkur yodgorlik Namangan viloyatining sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Yurtimiz va xorijdagi sayyohlik ko‘rgazmalarida qadimiy Axsikent haqida ham taqdimotlar o‘tkazilmoqda. Buning samarasida mahalliy va xorijiy sayyohlar o‘rtasida tarixiy yodgorlikka qiziqish ortmoqda. Hozirga qadar Belgiya, Avstriya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Eron, Pokiston, Hindiston kabi davlatlardan sayyohlar tashrif buyurgan. Qadamjoni tadqiq etish, uning jozibadorligini va sayyohlar oqimini oshirish maqsadida maxsus konsepsiya ishlab chiqilgan. Ayni kunda shu asosda Farg‘ona vodiysida ichki turizmni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.

Prezidentimizga Axsikent majmua bosh rejasi, uning tadqiqot olib borilgan ob’ektlari, hududda barpo etiladigan turistik majmua loyihasi haqida ma’lumot berildi.

 

Unga ko‘ra, bu erda muzey tashkil etiladi. Axsikentning qadimiy dovrug‘ini tiklash maqsadida ramziy darvoza quriladi. Umarshayx Mirzo va Boburning Kamoliddin Behzod chizgan suratlari asosida ularning haykali bunyod etiladi. Sayyohlar uchun Sirdaryo bo‘ylab qayiqlarda sayr qilish, tuyada ko‘hna shaharni tomosha qilish imkoniyati yaratiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, zarur infratuzilma, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurilib, Axsikent turizm manziliga aylantiriladi. 

Davlatimiz rahbari Axsikent tarixini ilmiy asoslangan holda chuqur o‘rganish, ajdodlarimizning asl o‘tmishi haqida ma’lumotlarni to‘plash va yosh avlodga singdirish bo‘yicha tizimli ishlarni olib borish kerakligini ta’kidladi. 

– Axsikent – buyuk tariximiz ko‘zgusi. Bobolarimiz yashagan, qahramonlik ko‘rsatgan bu manzilda tariximizni tiklash uchun juda katta manba, o‘tmish dalillari bor. Biz shu paytgacha faqat mashhur shaharlarimiz tarixini o‘rgandik, bunday joylarga e’tibor qilmadik. Ma’naviyatimizni yuksaltirmoqchi bo‘lsak, yoshlarimizni ota-bobolarimizning asl merosidan bahramand etib ulg‘aytirishimiz, xalqimizga etkazishimiz kerak. 

Shavkat Mirziyoyev majmuada qadimiy tariximizni targ‘ib qiluvchi festival o‘tkazish, Namangan davlat universitetida arxeologiya ta’lim yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Tarixni tarixiy ob’ektlarda o‘qitish, maktab va universitetdagi amaliy mashg‘ulotlar va darslarnig ayrimlarini shu erda o‘tish zarurligini ta’kidladi.