Chop etish

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Namangan viloyati hokimligi hamda viloyat moliya bosh boshqarmasi hamkorlikda Namangan viloyati Yoshlar markazi binosida 2019 yil 10 may kuni qabul qilingan “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘RQ-537-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish hamda ushbu qonun mazmun mohiyati bilan tegishli soha vakillari hamda tadbirkorlik sub’ektlarini tanishtirish maqsadida Seminar bo‘lib o‘tdi.



Seminar yig‘ilishini viloyat hokimining o‘rinbosari P.Matkarimov kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbekiston Respublikasining «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi Qonuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 26 aprelda qabul qilingani, Senat tomonidan 2019 yil 3 mayda ma’qullangani va  2019 yil 10 mayda tasdiqlanganligi, shuningdek, ushbu Qonunning maqsadi Davlat-xususiy sheriklik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligini aytib o‘tdi.


Kun tartibidagi masala yuzasidan  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sh.To‘xtaboev so‘z olib “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida gapirib o‘tdi. Jumladan, Qonunning asosiy tushunchalari va prinsiplari,  Davlat-xususiy sheriklik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan tushuntirishlar berib o‘tdi. Shuningdek, Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning taraflari, Davlat-xususiy sheriklik loyihasini tashabbus qilish, Davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini tasdiqlash va Davlat-xususiy sheriklik loyihalarining reestri kabi iboralar yuzasidan tushunchalar berdi.



Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi mutaxassisi B.Sodiqov so‘zga chiqib Davlat-xususiy sheriklik asosida investitsion loyihalarni amalga oshirish mavzusida ma’ruza qildi. Jumladan, ma’ruzachi o‘z ma’ruzasida  Davlat-xususiy sheriklik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, Davlat-xususiy sheriklikni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash turlari, Davlat-xususiy sheriklikning asosiy tamoyillari, Davlat-xususiy sheriklikni qo‘llash mumkin bo‘lgan sohalar va Davlat-xususiy sherik loyihasining bosqichlari to‘g‘risida keng tushunchalar berib o‘tdi.



Kun tartibidagi masalalarni atroflicha muhokama qilish jarayonida tegishli soha xodimlari hamda tadbirkorlik sub’ektlari vakillari tomonidan o‘zlarini qiziqtirayotgan va o‘ylantirayotgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob berildi.

 

Viloyat moliya bosh boshqarmasi