Chop etish

Yaqinda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o’tkazilgan XXXI yozgi Olimpiya o’yinlarida Namangan boks maktabi tarbiyalanuvchisi Murodjon Ahmadaliev bronza medalni qo’lga kiritib, yurtimiz dovrug’ini yuksaklarga ko’tardi.

Muhtaram Prezidentimiz sovg’a qilgan “Malibu” avtomashinasida poytaxtimizdan yo’lga otlangan chustlik 22 yoshli Olimpiada sovrindori Murodjon Ahmadaliev Namanganda bayramona kayfiyatda, olqishlar bilan kutib olindi. Namangan viloyati hokimligida bo’lib o’tgan g’olib sportchini sharaflash marosimida viloyatimiz sport jamoatchiligi vakillari, ustoz murabbiylar, sportchi yoshlar ishtirok etdilar.

Viloyat hokimi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Xayrullo Bozarov yig’ilganlarni istiqlolimizning 25 yillik bayrami bilan samimiy tabrikladi. Murodjonni eng nufuzli sport musobaqasida erishgan bronza medali, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan sportchi” faxriy unvoniga sazovor bo’lgani bilan qutlar ekan, bu yutuq eng ulug’, eng aziz bayramimiz – istiqlol shodiyonasi oldidan xalqimizga munosib tuhfa bo’lganligini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, O’zbekiston sportchilari zabt etgan baland marralar biz uchun unutilmas davr bo’ldi. Olimpiyachilarimiz Rio arenalarida 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza medaliga sazovor bo’lib, dunyoning 206 davlatining 12 mingga yaqin sportchilari orasida 21-o’rinni egalladilar. Bu natija orqali vatandoshlarimiz Osiyoda to’rtinchi, MDH va Boltiqbo’yi mamlakatlari o’rtasida ikkinchi, Markaziy Osiyoda birinchi bo’lishgani barchamizga g’urur va iftixor bag’ishlaydi. Mana shunday zalvorli natijalarda, namanganlik o’sib kelayotgan yosh o’g’il-qizlarning chinakam qahramoniga aylangan Murodjon Ahmadalievning ham munosib hissasi borligini aytib o’tish joiz.

Olimpiya o’yinlari tarixida Namanganimizdan birinchi bor sovrindor bo’lish baxti nasib etgan Murodjonni ko’rgan bolajonlar qalbida: “Men ham Murodjon akamga o’xshab, albatta chempion bo’laman, Olimpiya o’yinlarida ona Vatan sharafini munosib himoya qilaman”, degan ezgu istak va havas uyg’ongani shubhasiz. Bu tadbirda so’z olgan umidli sportchilar Hayotbek Rahimov va Mohinur Ahmadjonovalarning dil so’zlarida ham o’z ifodasini topdi.

- Olimpiya o’yinlarida erishgan medalimni mustaqilligimizning 25 yilligiga bag’ishlayman. Meni qo’llab-quvvatlagan, muxlis qilgan barcha yurtdoshlarimga tashakkur aytaman. Bu yutug’im Prezidentimizning biz yoshlar kamoloti yo’lida ko’rsatayotgan doimiy e’tiborlari mahsulidir, - dedi tadbirda so’zga chiqqan O’zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Murodjon Ahmadaliev.

Tantanali marosimda iqtidorli bokschimizga viloyat hokimligi tomonidan Namangan shahrining Boburshoh ko’chasida barpo etilayotgan ko’pqavatli uydan ikki xonali xonadon kaliti berildi. Murodjonni shu darajada el koriga yaraydigan qilib voyaga yetkazgan ota-onasi Qahhorjon Ahmadaliev, Oyshaxon aya Fayozovaga, 77 yoshli buvisi To’xtaxon aya hamda ustoz-murabbiylari Ilhomjon Mirzaholov, Qobiljon Karimovlarga qimmatbaho esdalik sovg’alari topshirildi.

Tadbirda Murodjonning otasi Qahhorjon Ahmadaliev, birinchi murabbiyi Ilhomjon Mirzaholovlar so’zga chiqib, mamlakatimizda jismonan sog’lom va aqlan barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g’amxo’rlik uchun muhtaram Yurtboshimiz Islom Karimovga minnatdorchilik izhor qildilar.

Viloyat hokimligining "Namangan haqiqati" gazetasi

jurnalisti Oqilxon Dadaboyev