Yaqinlashib kelayotgan eng ulug’, eng aziz ayyom – mustaqilligimizning 25 yillik bayrami barchamizning qalbimizga o’zgacha shukuh va ko’tarinki kayfiyat baxsh etmoqda.

Shuni faxru g’urur bilan e’tirof etish joizki, istiqlol yillarida mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoliklarida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli izchil islohotlar jarayonida yosh avlodni moddiy va ma’naviy jihatdan qo’llab-quvatalash hamda rag’batlantirishga alohida e’tibor ko’rsatib kelinyapti.

Ayni kunlardagi muazzam va faraxbaxsh damlarda istiqlolimizning shonli sanasiga munosib tuhfa sifatida Namangan viloyati hokimligi tomonidan xayrli ishga qo’l urildi.

Namangan shahridagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida mustaqillik ayyomi arafasida turmush qurayotgan 25 nafar kelin-kuyovning nikoh to’ylari bayramona ruhda nishonlandi.

Viloyat hokimi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Xayrullo Bozarov katta hayot ostonasiga qadam qo’yayotgan baxtiyor yoshlarni baxt va visol oqshomlari bilan muborakbod etib, ezgu tilaklarini bildirdi.

Viloyatimiz rahbari o’z so’zida xalqimiz azal-azaldan oilani muqaddas dargoh sifatida e’zozlab kelgani, mustaqillik yillarida ham bunday asriy qarashlar yangicha mazmun mohiyat bilan boyiganini ta’kidladi. Ayniqsa, muhtaram Yurtboshimizning oila institutiga qaratayotgan doimiy e’tibor va yuksak g’amxo’rliklari bugun chin ma’noda jamiyatimizda sog’lom muhitni, barkamol avlodni, qo’rg’oni mustahkam oilalarni barpo etishga zamin bo’ldi.

Joriy 2016 yilga ham “Sog’lom ona va bola yili” deb nomlanishi zamirida ham, ona va bola salomatligini muhofaza etish, ularga munosib turmush sharoitlarni yaratish va bu orqali oila maskanini mustahkamlash kabi ezgu g’oya yotibdi.

Aytish joizki, “Sog’lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida birgina viloyatimizda amalga oshirilayotgan ezgu sa’y-harakatlarga qariyb 250 milliard so’m mablag’ yo’naltirilganligi xonadonlarimizning farishtasi bo’lgan ayollarni, hayotimiz mazmuni sanalgan farzandlarimizning, bir so’z bilan aytganda sog’lom va ahil baxtiyor oilalarni bunyod etish yo’lidagi muhim ahamiyatini anglatadi.

Qolaversa, Prezidentimiz va hukumatimizning qaroriga muvofiq viloyatimiz tumanlarida ham yosh oilalarni ijtimoiy muhofaza qilish maqsadida imtiyozli tarzda “Kamolot” uylarini foydalanishga topshirilishi ularning farovon hayot kechirishlariga xizmat qilmoqda.

Bayram tadbirida 25 nafar yosh kelin-kuyovlarga viloyat hokimligining qimmatbaho esdalik sovg’alari tantanali tarzda topshirildi. Xushovoz san’atkorlar ijrosidagi dilrabo kuy-qo’shiqlar barcha-barchaga, xususan yosh oilalarga unutilmas zavqu shavq ulashdi.

Viloyat hokimligining "Namangan haqiqati" gazetasi

jurnalisti Oqilxon Dadaboyev