Chop etish

Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov qozog‘istonlik investorlar — “Kruz-invest” xorijiy korxonasi ta’sischisi Igor Veselovskiy, “Алматы СпецТехПаркинг Сервис” kompaniyasi direktori Marat Prinbekov va kompaniya aksiyadori Murat Boranbayevni qabul qildi.



Namangan shahrida “Kruz-invest” xorijiy korxonasi tomonidan umumiy qiymati 4,2 mln.dollar bo‘lgan zamonaviy avtomobillarni yuvish shahobchasi hamda avtomatlashtirilgan avtoturargoh tashkil etish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Hozirda ushbu loyihaning birinchi bosqichi — avtomobillarni yuvish shahobchasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga ishga tushirilgan

Investorlar bilan uchrashuv davomida Namanganda  avtomatlashtirilgan avtoturargoh tashkil etish loyihasi istiqbollari muhokama qilindi. Bu borada Qozog‘istonning Olmaota shahri tajribasiga oid videorolik namoyish etildi. “Алматы СпецТехПаркинг Сервис”  kompaniyasi bu yerda 12 ming mashina o‘rniga ega zamonaviy avtomatlashtirilgan avtoturargohlarga ega bo‘lib, ularda to‘lovni nafaqat naqd pul yoki bank kartasi, balki mobil ilova va SMS orqali ham amalga oshirish mumkin.


Viloyat hokimi ushbu loyiha xususan aholi soni jihatidan poytaxtdan so‘ng ikkinchi o‘rinda turuvchi va yo‘llarda tiqinlar odatiy holga aylangan Namangan shahri uchun dolzarb ekanligini qayd etdi. Mehmonlarga viloyat markazi transport infrastrukturasini o‘rganish va shundan so‘ng loyihani amalga oshirish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirishni taklif qildi.