Vazirlar Mahkamasining 2019- yil 24- iyuldagi “2020–2021- yillarda O‘zbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvlarini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori imzolangan.


Ushbu qarorga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi 2020–2021- yillarda Multiindikator klaster kuzatuvini (Multiple Indicator Cluster Survey - MICS) o‘tkazadi. Ushbu so‘rovni o‘tkazish bo‘yicha UNICEF O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan hamkorlik qiladi. MICS mamlakatda oxirgi marta 2006 yilda o‘tkazilgan.
Multiindikator klaster kuzatuvi (MICS) – bu 1995 yilda UNICEF tomonidan ishlab chiqilgan, xalqaro miqyosda tan olingan, uy xo‘jaliklarini o‘rganadigan tadqiqot hisoblanadi. Bu dunyodagi bolalar va ayollar to‘g‘risidagi eng katta statistik ma’lumot manbalaridan biridir.
So‘nggi yigirma yil ichida MICS 100 dan ortiq mamlakatlarda o‘tkazilib, buning natijasida bolalar va ayollar farovonligining asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha ma’lumotlar to‘plandi va ularning hayotini yaxshilashga qaratilgan siyosatni shakllantirishga yordam berdi.
Bu O‘zbekiston Respublikasi hukumatining milliy ma’lumotlar sifatini yaxshilash va xalqaro miqyosda taqqoslab bo‘ladigan ma’lumotlarni to‘plash bo‘yicha olgan majburiyatlariga muvofiq keladi. MICS mamlakatning Barqaror Taraqqiyot Maqsadlariga erishishga yo’naltirilgan sa’y-harakatlarida yordam beradi.
Kuzatuv sog‘liqni saqlash, ovqatlanish, ta’lim hamda bolalar va ayollar farovonligiga ta’sir ko‘rsatadigan boshqa muhim ustuvorliklar bilan bog'liq  masalalarga o‘z e’tiborini qaratadi.

Viloyat statistika boshqarmasi