Ma’lumki, Majburiy ijro byurosi davlat ijrochilari sud va boshqa organlarning ijro hujjatlarini ijrosini ta’minlaydi. Bugungi kunda faoliyat olib borayotgan davlat ijrochilari 20 dan ortiq yo‘nalishlarda ijro harakatlarini amalga oshirib kelmoqda. O‘z o‘rnida ta’kidlash kerakki, davlat ijrochilari O‘zbekiston Respublikasi Prokuratura organlari xodimlarining “Kasb odobnomasi” talablari asosida faoliyat olib borishlari qat’iy belgilangan. Bunda birinchi navbatda qonuniylik, fuqarolar bilan xushmuomalalik bilan xizmat olib borishlari doimo nazoratda. Lekin ayrim hollarda fuqarolarimiz tomonidan davlat ijrochilarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki ularga tuhmat qilish holatlari ham uchrab turibdi. Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudida davlat ijrochiga tuhmat qilgan fuqaroning ma’muriy ish atroflicha ko‘rib chiqildi.


Aniqlanishicha, fuqaro X.D. joriy yilning 5 mart kuni Majburiy ijro byurosi Namangan tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan uyali telefon orqali haqorat qilgani, uning xizmat xonasiga kelganda esa qo‘pol muomalada bo‘lgani, qulog‘i va boshiga mushtlab urgan deya ko‘rsatma beradi. Mazkur holat yuzasidan olib borilgan xizmat tekshiruvi va o‘rganishlarda yuqorida keltirilgan vajlar umuman tasdiqlanmagani aniqlandi.
Fuqaro X.D.ga nisbatan davlat ijrochisiga tuhmat qilingan deb topildi va unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40-moddasi bilan huquqbuzarlik sodir etgan deb topiladi. Bo‘lib o‘tgan sud jarayonida bu bo‘yicha to‘plangan hujjatlar atroflicha ko‘rib chiqilib, taraflarning ko‘rsatmalari tinglandi va qaror qabul qilindi.
Fuqaro X.D. ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
                            

Igor Xodjimirzayev,

MIB Namangan viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi