Chop etish

Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov: Bugun barcha mirishkor dehqonlarimiz uchun orziqib kutilgan kun. Poplik fermerlarning muhtaram Prezidentimizning gʻallachilikdagi islohotlaridan koʻzlari yonib turibti.

Bugun Pop tumanida gʻalla oʻrimi boshlanishi oldidan viloyat hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlari ishtirokida - tuman qishloq xoʻjaligi vakillari, MMTP raislari, fermer xoʻjaligi rahbarlari, Art Soft klaster hamda gʻalla oʻrimiga biriktirilgan otryad rahbarlari ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi.

Unda mutasaddilarga gʻalladan boʻshagan erlarga takroriy ekinlarni kechiktirmasdan ekish, ularning parvarishi boʻyicha ham tavsiyalar berildi. Bunda ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarga yer biriktirib berish alohida talab qilib qoʻyildi.

Buning natijasida tumanda kam ta’minlangan, ehtiyojmand va ishsiz aholi xonadonlari otaliqqa olinadi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagi mehnatga layoqatli vaqtinchalik ishsiz fuqarolarga toʻgʻri keladi. Ularga urugʻlik bugʻdoy, somon press va takroriy ekin ekish uchun yer maydoni beriladi. Bu erlarda sabzavot, kartoshka, dukkakli ekinlar, moyli ekinlar va chorva ozuqa ekinlari yetishtiriladi.

Seminar davomida shu yerning oʻzida mavsumni koʻngilli va uyushqoqlik bilan oʻtkazishni niyat qilib, jonliq soʻyildi va duoyi fotiha qilindi.

Bugungi kunda Pop tumanidagi 322 ta fermer xoʻjaligi tomonidan 10490 gektar maydonda gʻalla etishtirilgan, ayni paytda pishib etilgan gʻalla hosilini qisqa fursatlarda oʻrib-yanchib olib, qabul maskanlariga yetkazish maqsadida tumanning barcha hududlarida sifatli texnika va ishchi kuchi jalb etilgan holda 30 ta maxsus otryadlar, 30 ta gʻalla oʻrish kombaynlari, 150 ta don tashish texnikalari xizmat qiladi.

Viloyat hokimligi Axborot xizmati