Viloyat hokimligining katta majlislar zalida xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n ikkinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, hokimlikning guruh, kotibiyat rahbarlari, tumanlar hokimlari, viloyat va tumanlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralari rahbarlari, siyosiy partiyalar, jamoat va viloyat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Sessiya ishini viloyat hokimi, xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi Xayrullo Bozarov ochdi va  olib bordi. Dastlab deputatlar sessiya kotibi, kun tartibi, reglamentini bir ovozdan tasdiqladilar. Sessiya kun tartibiga ko‘ra dastlab O‘zbekiston Respublika Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi Namangan okrug saylov komissiyasi to‘g‘risidagi masala atroflicha ko‘rildi. Muhokamalar jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan tadbirlar dasturi asosida olib borilayotgani qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasining tarkibi to‘g‘risida shahar va tumanlar hokimliklarining, bir qator jamoat tashkilotlari hamda fuqarolarni o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining tavsiyalarini, fikr-mulohozalarini o‘rganib chiqilgani ta’kidlandi. Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 6-Namangan okrug saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar deputatlar tomonidan tasdiqlandi va Markaziy saylov komissiyasi tasdig‘iga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bundan tashqari, sessiya davomida saylovni ommaviy axborot vositalarida keng yoritishni muvofiqlashtiruvchi matbuot markazi tarkibi tuzildi.

Kun tartibiga kiritilgan ikkinchi masala, ya’ni viloyat mahalliy byudjetning 2016 yil birinchi yarim yillik ijrosi ham atroflicha  muhokama etildi. Masala yuzasidan axborot bergan viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i Tolibjon Yusupov joriy yilning o‘tgan olti oy davomida mahalliy byudjeti daromadlarining birinchi yarim yillikda tasdiqlangan reja tushumi 100,5 foizga bajarilgani, xarajatlar esa 93,6 foizga moliyalashtirilgani ta’kidladi. Muhokamaga chiqqan ijtimoiy sohalar rahbarlari viloyat mahalliy byudjetining birinchi yarim yilligi ijrosi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Shundan so‘ng deputatlar tomonidan qaror loyihasi ko‘rib chiqildi va bir ovozdan tasdiqlandi.

Sessiya kun tartibidan o‘rin olgan masalalar, ya’ni aholi, ayniqsa kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat Dasturi ijrosi yuzasidan axborotlar tinglandi va qaror deputatlari tomonidan tasdiqlandi. Shuningdek, meva-sabzovot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirishga, qishloq joylardagi aholiga servis xizmat ko‘rsatishni yaxshilashga hamda viloyatda mahalliy farmatsevtika sohasi salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan qarorlarning viloyatdagi ijrosi ham ko‘rib chiqildi. Sessiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan qaror qabul qilindi.

Shu bilan xalq deputatlari viloyat kengashining o‘n ikkinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.