Joriy yilning 29-sentyabr kuni “Muxbir Daliev” telegramm kanalida “Tadbirkor pullari qani?” sarlavha ostida murojaat joylashtirilgan. Unda “Shahnoza Nodirbek tekstil” MCHJ hisob raqamidan Byuroning Namangan shahar boʻlimi tomonidan qoʻyilgan inkassolarga asosan avtomatik ravishda 10.000.000 soʻm mablagʻ oʻtib ketgani bayon etilgan. Shuningdek, ushbu mablagʻni qaytarish boʻyicha murojaat qilinganda sud tartibida qaytarilishi mumkin ekanligini bildirgani keltirib oʻtilgan.

Mazkur holat oʻrganildi va quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Byuroning Namangan shahar boʻlimi ish yurituviga qarzdor “SHAXNOZA NODIRBEK TEXTILE" MCHJ dan undiruvchi Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasi foydasiga 93.637.440 soʻm soliq qarzi undirish haqidagi ijro hujjati kelib tushgan. Joriy yilning
30-avgust kuni ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinib, nusxasi taraflarga yuborilgan.
Qarzdor jamiyat tomonidan qarzdorlik ixtiyoriy muddatda toʻlanmaganligi sababli, 05.09.2022-yilda undirilishi lozim boʻlgan summaga nisbatan ijro yigʻimi qoʻllanilgan va elektron inkasso topshiriqnomasi quyilgan.
Biroq, qarzdor jamiyat soliq hisobotlarini qayta topshirilishi natijasida 26.09.2022-yilda “MIB portal” dasturi orqali yuqoridagi qarzdorlik soliq toʻlovlari hisobiga soʻngan va quyilgan inkassa orqali 10.000.000 soʻm miqdorda toʻlov amalga oshirilgan.

“MIB portal” dasturi orqali qarzdorga nisbatan 4.681.872 soʻm yigʻim hisoblangan. Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan 29.09.2022-yilda qarzdorlik amalda toʻlanmasdan, hisobotlarga oʻzgartirish kiritilishi hisobiga soʻnganligi haqida maʼlumot taqdim etildi.

Shunga koʻra, qarzdorlik amalda undirilmaganligi sababli, ijro yigʻimini ushlab qolmasdan, MCHJning hisob raqamidan inkassa orqali undirilgan 10.000.000 soʻm pul mablagʻi jamiyatning hisob-raqamiga oʻtkazib berilishi taʼminlandi.

MIB Namangan viloyat boshqarmasi