Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining navbatdagi 33-sessiyasi boʻlib oʻtdi. Uni Kengash raisi, viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazakov ochdi va olib bordi.

Sessiyada shahar va tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda uchrayotgan masalalar, aholini rozi qilish yoʻlida toʻgʻanoq boʻlayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, Namangan shahri, Namangan, Chust va Pop tumanlarida aholi murojaatlari ortgani, takroriy murojaatlar bilan ishlashga toʻgʻri kelayotgani taʼkidlandi.

Sessiyada viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Gʻulomjon Murodxoʻjayev sohada amalga oshirilgan ishlar hamda galdagi vazifalar boʻyicha axborot berdi.

Shundan soʻng, Kosonsoy tumani va Namangan shahri Davlatobod tumanida umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchi va oʻquvchilari oʻrtasida sodir boʻlgan hamda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari eʼtirozlariga sabab boʻlgan salbiy holatlar boʻyicha viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchisi Muzaffar Isayevning axboroti eshitildi. Shuningdek, Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Abdulhodi Iminov sohadagi eng koʻp murojaatlarga asos boʻlgan masalalar boʻyicha axborot berdi.


Shuningdek, kommunal sohalar rahbarlarining qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish, aholi murojaatlari bilan ishlash va ijro etishni yaxshilash boʻyicha rejalari tinglandi.
Bundan tashqari, viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Rahmonjon Rasulov “Temir daftar”dagi oilalarni daromadlarini oshirish, shu orqali kambagʻallik qisqartirish choralari haqida deputatlarga hisobot berdi.

Shundan soʻng yuqoridagi masalalar boʻyicha ishlab chiqilgan Yoʻl xaritasi oʻzgartirishlar bilan ijroga qabul qilindi. Shuningdek, deputatlardan iborat ishchi guruh tuzilib, muammolar, ayniqsa yoshlar masalasi, xususan taʼlim tizimida amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar deputatlar tomonidan doimiy nazoratga olindi.

Sessiyada viloyat hokimining oʻrinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Dinara Yakubovaning “Viloyatda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, oilalarni mustahkamlash borasida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar va muammolar toʻgʻrisida”gi axboroti tinglandi.
Sessiyada tegishli Qaror qabul qilindi. Shuning bilan sessiya oʻz ishini yakunladi.

Viloyat hokimligi Axborot xizmati