Joriy yilning 27-oktyabr kuni “TanqidlarUZ” telegram kanalida murojaat joylashtirilgan.

Unda Mikrokreditbank Davlatobod tuman filiali va fuqaro G.A nomiga N.X kafillik asosida 30 mln. soʻm kredit olingani, qarzdorlik toʻlanmaganligi sababli sudning qarori bilan majburiy undirish koʻrsatib oʻtilgani bayon etilgan. Shuningdek, murojaatda qarzdor G. A ni chetga chiqish taqiqi olib tashlangani, kafil nomidagi mol-mulkka taqiq qoʻyilgani bayon etilgan. Bundan tashqari murojaatda fuqaro N. X turli asossiz, inson shaʼni-obroʻsiga putur yetkazadigan soʻzlar keltirgan.

Mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.

Boʻlim ish yurituviga fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan tumanlararo sudining 13.12.2021-yildagi ijro varaqasiga asosan qarzdor G. A. hamda N. X lardan solidar tartibda 32.270.000 soʻm kredit qarzi undirish haqidagi ijro hujjati kelib tushgan.

Davlat ijrochisi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilib,undirish choralari koʻrib borilgan. Biroq, olib borilgan oʻrganishlarda, asosiy qarzdor nomida koʻchmas mulk, avtotransport vositalari hamda ish va boshqa daromadlari mavjud emasligi aniqlanib, unga nisbatan yuritilgan ijro hujjati Oʻzbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunining 40-moddasi, 1-qismi, 3-bandiga asosan ijrosiz undiruvchiga qaytarilgan. Boʻlim ish yurituvidagi fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan tumanlararo sudining 13.12.2021-yildagi ijro varaqasi boʻyicha fuqaro N. X solidar qarzdor deb eʼtirof etilgani munosabati bilan, sud hujjatida koʻrsatilgan qarzdorlikni undirish qismi boʻyicha uning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chetga chiqishi huquqlari vaqtincha cheklangan, shuningdek uning nomida boʻlgan 50 G 400 QA davlat raqamli NEXIA-3 rusumli avtotransport vositasi va koʻchmas mulklari tegishli tartibda 22.01.2022-yil kuni taqiqqa olinib, 13.01.2022-yil kuni elektron dastur orqali SMS xabar yuborilgan va qoʻshimcha ravishda qarzdorga ijro hujjatida koʻrsatilgan qarzdorlikni toʻlashligi toʻgʻrisida uning foydalanuvidagi uyali telefoni orqali bogʻlanilib, ogohlantirilgan. Qarzdor X.N 21.10.2022-yil kuni soat 19-25 da qoʻllanilgan majburiy ijro harakatlaridan norozi boʻlib boʻlim boshligʻi qabulida boʻlgan va oʻz eʼtirozlari yuzasidan yozma ravishda murojaatini qoldirgan. Boʻlim boshligʻi huzuridagi qabul jarayoni toʻliq video-audio yozuviga tushirilgan va fuqaro murojaati 21.10.2022-yil kuni №513-kirish raqami bilan boʻlim devonxonasidan oʻtkazilgan. Qabul davomida murojaat muallifining ogʻzaki eʼtirozlari toʻliq tinglanib, barcha huquq va majburiyatlari tushuntirilgan.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, murojaatda fuqaro N. X tomonidan Byuro organlari va davlat ijrochisi shaʼnini obroʻsizlantirish maqsadida, bildirgan fikrlari asossiz va bunday harakatlar uchun javobgarlik mavjudligini eslatgan boʻlar edik.Maʼlumot uchun: Byuroning Namangan viloyat boshqarmasi va tuman-shahar boʻlimlari xodimlarining noqonuniy va nojoʻya xatti-harakatlari haqida boshqarmaning shaxsiy xavfsizlik boʻyicha shoʻbasiga yoki 1107 qisqa ishonch raqami orqali murojaat qilish maqsadga muvofiq, har qanday murojaatga qonuniy baho beriladi.

 

Majburiy ijro byurosining Namangan viloyat boshqarmasi