Yangi Namangan tumanida MIB yordami bilan 548 ta oila yarashtirildi.
Majburiy ijrosi byurosi Yangi Namangan tuman boʻlimi tomonidan aliment undirish bilan bogʻliq ijro hujjatlari ijrosini taʼminlash mobaynida oilalarni yarashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida keng jamoatchilik ishtirokida olib borilgan targʻibot va tushuntirishlardan soʻng jami 548 ta oilani yarashtirishga erishildi.
Masalan, fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan tumanlararo sudining qaroriga koʻra qarzdor D.Umarovdan undiruvchi Sh.Toshpoʻlatova foydasiga 1 nafar farzandi uchun aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Byuroning Yangi Namangan tuman boʻlimi ish yurituviga kelib tushgan. Ota oʻz farzandi uchun har oyda topgan daromadidan belgilangan miqdorda aliment toʻlovlarini oyma-oy toʻlab kelmoqda. Oʻz oʻrnida davlat ijrochisi tomonidan navbatdagi tushuntirishlarda farzandlar er-xotin oʻrtasida kamol topishlari muhim ekanligi tushuntirilgach, taraflar oʻzaro yarashishga qaror qilishdi. Endi 1 nafar voyaga yetmagan farzand oila bagʻriga qaytdi. Ijro hujjati amalda tamomlandi. Oilalarni yarashtirish tadbirlari davom ettirilmoqda.
Javlon Kattaxoʻjayev,
MIB Yangi Namangan tuman boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari
Soddalashtirilgan tizim qulay boʻlmoqda
Maʼlumki, joriy yilning may oyidan boshlab Byuroning Namangan tumanlararo boʻlimi oʻz faoliyatini boshlagan edi. Qisqa vaqt ichida boʻlim tomonidan ijro hujjatlarining soddalashtirilgan tarzda ijrosini taʼminlash, maʼmuriy jarimalar, soliq qarzi va davlat bojini undirish boʻyicha undiruv qarzdorning yashash joyi yoki mol-mulki turgan joyga bormagan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash yoʻli bilan masofadan turib amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, toʻlovlarni qarzdor fuqarolarga boʻlim tomonidan yuborilgan xabarnomada koʻrsatilgan ID raqamlariga elektron toʻlov tizimlari orqali masofadan toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratildi.
Soddalashtirilgan tizim orqali may – sentyabr oylarida 26 753 ta (8 803 mlrd. soʻm) hujjatlarning ijrosi amalda tamomlandi. Asosiysi, boʻlimda faoliyat koʻrsatib kelayotgan davlat ijrochilari tomonidan kuniga 25-30 tagacha ijro hujjatlarini ijrosi taʼminlanishiga erishilmoqda.
Rahimjon Ismatullayev,
Byuroning Namangan tumanlararo boʻlimi boshligʻi