Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi ushbu mamlakat rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.
Tashrif natijalari viloyatimizda ham oʻzining ijobiy natijasini namoyon eta boshladi. Joriy yil 28-noyabr kuni Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazakov Fransiya rivojlantirish agentligining urbanizatsiya va shaharlarni rejalashtirish masalalari boʻyicha xalqaro konsultantlari janob Giyom Jos va Sharlotta Byurye xonimni qabul qildi.
Dastlab, agentlik vakillariga viloyatimizning salohiyati, ishlab chiqarish korxonalari, kichik sanoat zonalari faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Namangan viloyati Davlatobod tumani hududida yangi shaharsozlik namunasi asosida qad rostlayotgan “New Namangan City” – Yangi Namangan shaharchasi loyihalari, RK-1 qozonxonasi, “Orzu Ideal tekstil”, “Iftixor kiyim sanoat” korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishgan mehmonlar, viloyatning barqaror rivojlanayotgan iqtisodi, demografiyasi va boshqa omillarni hisobga olgan holda Bosh reja tuzish kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini yuqori baholadilar.
Viloyat hokimligi Axborot xizmati