2023-yil 6-fevral kuni YOUTUBE ijtimoiy tarmogʻida “UZGLOBALTV” kanalida “MIB SUD QARORLARINI TAN OLMAYDIMI? SUDNING QARORI ADOLATLI, QONUNIY BOʻLGANI UCHUN IJRO QILINMADIMI?” sarlavha ostida videolavha joylashtirilgan. Unda fuqaro Nuritdinov Ayubxonning sud qarori ijrosi taʼminlanmayotganligi yuzasidan yoʻllagan murojaati yuzasidan lavha tayyorlangan.

Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan oʻrganildi va quyidagilarni maʼlum qiladi.

Byuroning Uychi tuman boʻlimi ish yurituvida fuqarolik ishlari boʻyicha Uchqoʻrgʻon tumanlararo 17.10.2022-yildagi buyrugʻiga asosan Uychi tumani, Gulbogʻ MFY, A.Temur koʻchasida joylashgan 3.606,6 kv.m. yer maydonidagi bino-inshootlari daʼvogar Nuritdinov Ayubxon va javobgar Karimov Mamatvalining birgalikdagi mulki deb topish koʻrsatib oʻtilgan. Shuningdek bino-inshootlaridan daʼvogar Nuritdinov Ayubxonning ulushi ½ qism deb topilgan va olib berish belgilangan. Mazkur ijro varaqasi Byuroning Uychi tuman boʻlim ish yurituviga 02.12.2022-yilda kelib tushgan va Oʻzbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunning 23-moddasiga asosan ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinib, qaror nusxasi taraflarga yuborilgan. Davlat ijrochisi tomonidan majburiy ijro chorasi tariqasida 23.12.2023-yil kuni qarzdor M.Karimovning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqlari vaqtincha cheklab qoʻyilgan.

Ijro hujjati yuzasidan davlat ijrochisi tomonidan 06.01.2023-yil kuni soat 15:00 ga tegishli tashkilotlarga xabar berilgan holda yuqorida koʻrsatilgan manzilga majburiy ijro tayinlangan. Biroq, ijro harakatlari davomida qarzdor Karimov Mamatvali toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi ajrimi borligini roʻkach qilgan hamda ketib yuborgan va qaytib kelmagan. Shu sababli ijro harakatlarini amalga oshirishni imkoni boʻlmagan va tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, joriy yilning 20-yanvar kuni soat 14:00 ga yana takroran majburiy ijro tayinlangan. Lekin koʻrsatilgan manzilga xolislar ishtirokida borib oʻrganilganda sud ekspertiza markazi Namangan viloyat boʻlimi tomonidan taqdim etilgan chizmada va kadastr palatasi tomonidan taqdim qilingan hujjatdagi chizmalarda bino oʻlchamlari ikki xil koʻrsatilganligi hamda tafovut yuzaga kelib chiqqanligi sababli hujjat ijrosini taʼminlashni imkoni boʻlmagan.

Shunga koʻra, mazkur hujjatni ijrosini taʼminlashda tushunmovchiliklar yuzaga kelganligi bois, Oʻzbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida” gi Qonunning 31-moddasiga asosan tegishli tartibda fuqarolik ishlari boʻyicha Uchqoʻrgʻon tumanlararo sudidan tushuntirish berish soʻralgan.

Majburiy ijro byurosining
Namangan viloyat boshqarmasi