Markazni ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazakov, tuman hokimi Sadritdin Moʻminov hamda tuman sektor rahbarlari, nuroniylar, mahalla faollari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish, shu asosda ularni doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish maqsadida Namangan kasb-hunarga oʻqitish markazini rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish uchun 12 mlrd. 700 mln. soʻm mablagʻ sarflandi. Monomarkazda 17 ta kasb yoʻnalishi boʻyicha oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Markazni Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga hamda Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi tashabbusi koʻmagi bilan tashkil etildi. Amaliyotga asosiy eʼtibor qaratilgan ushbu oʻquv markazida bir vaqtda 648 nafar ishsiz fuqaroni kasbga oʻqitish imkoniyati mavjud. Oʻquvchilar 3 oylik kurslarda kasbiy taʼlim olishadi. Nogironligi boʻlgan oʻquvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 2 barobari miqdorida stipendiya ham beriladi.

Viloyatimizda ham xorijga ishlashga ketishdan oldin fuqarolarni kasb-hunarga va xorijiy tillarga oʻqitish, ularga kasbiy malakani tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlar olishga koʻmaklashish borasida bugungi foydalanishga topshirilayotgan maktab ham katta ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Viloyat hokimligi Axborot xizmati