“Namangan IT sohada oʻziga xos oʻringa ega. Mavjud salohiyatdan samarali foydalanib, uni asosiy drayverlardan biriga aylantirish lozim”, - viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov IT soha vakillari, dasturchi va frilanserlar bilan uchrashdi.

Namangan IT mahsulotlar eksportida respublikada ikkinchi oʻrinda, umumiy mahsulot hajmi boʻyicha ham kuchli beshlikdan oʻrin egallaydi. Lekin, bu mavjud imkoniyatlarga solishtirganda yetarli emas. Uchrashuvda aynan shu masalaga alohida toʻxtalib oʻtildi. Viloyatda dasturiy taʼminot ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi 130 dan ortiq subyekt mavjud boʻlsada, ularning atigi 18 tasigina IT-Park rezidenti ekanligi tanqid ostiga olindi.

Shuningdek, viloyat hokimligi tashabbusi va mablagʻlari evaziga tashkil etilgan va IT-Park operativ boshqaruviga berilgan 14 ta IT-School oʻquv markazi va Kovorking markazi faoliyati yetarli emasligi taʼkidlandi.

- Ikki yil kichik muddat emas, bu davr mobaynida hozirgi koʻrsatkichlardan bir necha marta yuqorisiga erishsa boʻlar edi. IT markazlarda ishni toʻgʻri tashkil etilsagina bunga erishsa boʻladi, - dedi viloyat hokimi.

Soha vakillariga sharoit yaratish, ular ishlab chiqqan dasturiy mahsulotlarini dunyo bozoriga olib chiqishda yordamlashish boʻyicha barcha choralarni koʻrish va takliflarni berish boʻyicha tegishli topshiriq berildi.

Viloyat hokimligi Axborot xizmati