Maʼlumki, davlatimiz rahbarining joriy yil 8-maydagi “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi farmoni asosida Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani soʻzsiz va toʻliq amalga oshirish barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasi etib belgilangan edi.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi, shahar va tumanlar boʻlimlarida xodimlar oʻrtasida yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mazmun-mohiyatini tushuntirishga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.

Xususan, Byuroning Namangan shahar boʻlimi davlat ijrochilari bilan oʻtkazilgan navbatdagi oʻquv mashgʻulotda yangi qabul qilingan Bosh qomusimiz, undagi asosiy ustuvor yoʻnalishlari aniq tushuntirib berildi. Unda soʻz olganlar yangilangan konstitutsiyada aholimizning manfaatlari inobatga olinganligi, asosiysi referendum orqali qabul qilinganligi ushbu hujjatning chinakam xalq konstitutsiyasi boʻlganidan dalolat ekanligi yana bir bor taʼkidlandi.

Darhaqiqat, yangilangan konstitutsiyada moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Yaʼni, Asosiy qonunimiz xalqimiz takliflari asosida yangilandi.Yana bir muhim jihat, Bosh qomusimizda Oʻzbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyildi. Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga gʻamxoʻrlik – davlat siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qolishi, tariximizda ilk bora Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilandi. Uchrashuv davomida mana shu fikrlar ishtirokchilarga yetkazilib, joylarda bevosita mahalla fuqarolar yigʻinlari, muassasalarda targʻibot tadbirlarini olib borish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Yangi konstitutsiya targʻibotiga bagʻishlangan ishlar davom etmoqda.

MIB Namangan viloyat boshqarmasi