Davlatobod tumanidagi Madaniyat markazida 3 – 9-iyul kunlari o‘tkazilgan kiberjinoyatchilikni oldini olish va fuqarolarni kibertahdidlardan ogoh qilishga yo‘naltirilgan haftalik yakuniga bag‘ishlangan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
- Kiberjinoyat bizning xavfsizligimiz, iqtisodiyotimiz va shaxsiy hayotimizga tahdid soluvchi hodisaga aylandi. Shuning uchun unga qarshi kurashish bizning umumiy ustuvor vazifamiz bo‘lishi kerak.
Biz tizimlarimiz, maʼlumotlarimiz va fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilish uchun yangi-yangi usul va vositalarni ishlab chiqib, doimiy rivojlantirib borishimiz kerak, - dedi tadbirda so‘z olgan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Akramjon Abduhamidov.
Cyber Week haftaligi barcha sohalarni, aholining faol qismini qamrab oldi. Uning doirasida o‘tkazilgan tadbir va anjumanlarda korxona va tashkilotlar ishchi xizmatchilari, maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalari xodimlari va yoshlari, mahalla fuqarolari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar faol ishtirok etishdi.
Tadbir yakunida yetti yo‘nalishda o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblarini viloyat hokimi o‘rinbosarlari - Akramjon Abduhamidov va Botirjon Nuriddinov, viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari Taʼlat Mamatqulov, Ichki ishlar Vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik Markazi bo‘lim boshlig‘i Lochinbek Atoyev hamda Namangan viloyati Elektron hokimiyatni rivojlantirish markazi rahbari Baxtiyor Axunbabayevlar taqdirlashdi.
Viloyat hokimligi Axborot xizmati