Bargdek uzilib ketsam,

Unutmas meni bog‘im:

Ishimni hurmat qilur,

Gullardan haykal qurur.

Ming yillardan keyin ham

Unutmas meni bog‘im!

 

2023-yilning 4-sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatining Mariinsk shahrida o‘zbek xalqining otashin shoiri Usmon Nosir haykali ochildi.

Haykal muallifi Konstantin Zenich shoir Usmon Nosirning o‘ziga xos siymosini yarata olgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi Mariinskdagi o‘rmonzor qaridagi qatag‘on qurbonlari mozorida dafn etilgan Usmon Nosirning qabrini ziyorat qildi. Qurʼon tilovat qilinib, o‘tganlar xotirasi yod etildi. Shoirning qabriga gullar qo‘yildi.

 

Tadbirda Kemerovo viloyati gubernatori Sergey Sivilyov, O‘zbekistonning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va Novosibirskda taʼlim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, xorijda yashayotgan vatandoshlar, mahalliy ijodkorlar va Kemerovo viloyati Mariinsk shahrining keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.