Dastlab viloyat rahbari Namangan viloyati iqtisodiyotining ilg‘or sohalari, viloyatga jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalar hamda tashkil etilgan xorijiy korxonalar, kichik biznes va tadbirkorlikning Namangan viloyati iqtisodiyotida tutgan o‘rni va roli, mahalliy yalpi ichki mahsulotdagi ulushi, viloyatning turizm salohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.

Jujanna Xargitay Namanganning iqtisodiy salohiyatini, amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami va sifatini yuqori baholadi va turli sohalarda hamkorlik qilish borasida bir necha takliflarini bildirib o‘tdi.

Uchrashuvda umumiy qiymati 159,7 mln. AQSH dollarini, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining kredit mablag‘lari 130 mln. AQSH dollarini tashkil etuvchi 2 ta “Namangan viloyatida suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish” va “Namangan viloyati Chust, Pop, Namangan tumanlari ichimlik suv taʼminotini yaxshilash va Chust hamda Mingbuloq tumanida kanalizatsiya tizimlarini qurish” loyihalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi.

Xartigay xonim Namanganda tadbirkorlik yuqori surʼatda rivojlanayotganini alohida eʼtirof etib, mahalliy ishbilarmonlar bilan bir necha loyihalarni bank kredit liniyalari orqali amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

Do‘stona ruhda kechgan uchrashuv yakunida tomonlar ijtimoiy-iqtisodiy sohalaridagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida hamkorlik qilishga kelishib olishdi.

Viloyat hokimligi Axborot xizmati