Chortoqda shu mavzuda Namangan IT-hamjamiyati vakillari, yoshlar va sohaga qiziquvchilar uchun viloyat seminari bo‘lib o‘tdi. Taʼkidlash joiz, tumanda so‘nggi ikki oyda IT-Park rezidentlari soni beshtaga oshdi. Sohaviy taʼlimdagi izchil ishlar natijasida dasturchi va frilanserlar salmog‘i oshib bormoqda. “Imkon” loyihasi qisqa kurslarida imkoniyati cheklangan yoshlarni masofadan o‘qitilayotgani, xotin-qizlar bandligi bo‘yicha frilansing faoliyati yo‘lga qo‘yilganini alohida eʼtirof etish lozim.
Tadbir davomida kurs bitiruvchilari sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, bu seminar axborot texnologiyalari sohasida raqobatbardosh mahsulot va xizmatlar bo‘yicha eksport salohiyatini oshirish, o‘zaro hamkorlik, tajriba almashish uchun maydon vazifasini bajarib berdi. Amaliy mashg‘ulotlar tarzida o‘tgan taqdimotlar ishtirokchilardan katta qiziqish uyg‘otdi.
Kunning ikkinchi yarmida Yangiqo‘rg‘onda tumandagi ilk IT-Park rezidenti sifatida ish boshlagan “Stanford” taʼlim va BPO markazi ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi.
- Rejalarimiz katta, Chortoqda shu yo‘nalishda faoliyatimizni uchta markazda davom ettirgan holda, Yangiqo‘rg‘on tumanida ham filialimizni tashkil etdik. Maqsadimiz chet tillarini mukammal biladigan dasturchilar yetishtirish va yakunda ularni ish bilan taʼminlash, - deydi markaz rahbari Bekzod Turg‘unov.
Tez orada mazkur markazda dasturiy mahsulot ishlab chiqilib, eksporti yo‘lga qo‘yiladi.
- Tumanimizda bilimli, ilmli bo‘laman deya maqsad qilgan yoshlar uchun yana bir imkoniyat eshigi ochildi. Biz bu yo‘nalishda har tomonlama ko‘makka tayyormiz, - dedi markazi ochilish marosimida ishtirok etgan Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi Asadulla Najmiddinov.
Tadbirlarda Namangan viloyat hokimligining vakili Baxtiyor Axunbabayev, Raqamli texnologiyalar vazirligi hududiy shoʻbasi rahbari Rasuljon Xolmatov hamda viloyat IT-park vakillari ishtirok etdilar.
Viloyat hokimligi Axborot xizmati