Baxtiyor Axunbabayev Namangan viloyati hokimining raqamlashtirish boʻyicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi
U 1978-yilda Namangan shahrida tugʻilgan. 2001-yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutini (magistratura) tamomlagan. Mutaxassisligi muhandis-texnolog.
Mehnat faoliyatini 1999-yilda “Namanganagromash” AJda muhandis-konstruktor sifatida boshlagan. 2001-2006-yillarda Namangan viloyat statistika boshqarmasida Energetika, transport va aloqa boʻlimi iqtisodchisi, boʻlim boshligʻi, Kommunikatsiyalar va xizmat koʻrsatish sohasi boʻlimi boshligʻi, Sanoat boʻlimi boshligʻi, Yigʻma ishlar boʻlimi boshligʻi, 2006-2007-yillarda “Namangandonmahsulot” AJda bosh iqtisodchi lavozimlarida ishlagan.
2007-2011-yillarda viloyat hokimligida Sanoat boʻlimida mutaxassis, bosh mutaxassis, 2011-2018-yillarda Namangan viloyati hokimligi huzuridagi “Viloyat kompyuterlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi direktori, 2018-2021-yillarda Namangan viloyati hokimligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi davlat unitar korxonasi direktori sifatida faoliyat koʻrsatgan.
Axunbabayev Baxtiyor Latifxanovich 2021-yildan tayinlovga qadar Namangan viloyati hokimligi huzuridagi “Elektron hokimiyatni rivojlantirish markazi” davlat muassasasi direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Mazkur tayinlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son qaroriga muvofiq Namangan viloyati hokimining 2023-yil 30-avgustdagi tegishli qarori bilan amalga oshirildi.
Viloyat hokimligi Axborot xizmati