Namangan viloyati hokimligining katta majlislar zalida  ijtimoiy nafaqa va moddiy yordamlarning manzilliligi va samaradorligini oshirish, mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish yuzasidan seminar oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, tashkilot va idoralarning soha boʻyicha masʼul xodimlari shahar, tuman hokimlarining (yoshlar siyosati va xotin-qizlar masalalari boʻyicha) oʻrinbosarlari ishtirok etdi.

Seminarni viloyat hokimining oʻrinbosari Gʻulomjon Murodxoʻjayev ochdi va olib bordi.

Davlatimiz rahbarining 2023-yil 1-iyunda qabul qilingan “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 82-son Farmoni aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish koʻlami va turlarini kengaytirish boʻyicha viloyatimizda ham tizimli ishlarni amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning qarori ijrosi va ijtimoiy himoyaning samaradorligini oshirish maqsadida respublikadagi 28 ta tuman (shahar)da xususan, viloyatimizning Kosonsoy va Chust tumanida tajriba tariqasida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilmoqda.

Shuningdek, Kosonsoy tumaniga 24 nafar, Chust tumaniga 36 nafar malakali ijtimoiy xodimlar ishga qabul qilindi. Kosonsoy tumanida fuqarolarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish uchun zamonaviy qiyofaga ega boʻlgan “Inson” markazi binosi foydalanishga topshirildi.

Seminar davomida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javoblar olishdi.

Viloyat Hokimligi Axborot xizmati